O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar
vazirligi Akademiyasiga 2022/2023-o‘quv yili uchun o‘qishga kiruvchi
nomzodlardan hujjatlarni qabul qilish jarayoni 2022-yil 01-fevral kunidan
BOSHLANADI
ARIZALAR VA BILDIRGILARNI QABUL QILISH MUDDATLARI:
O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasiga
o‘qishga kirish uchun arizalar va bildirgilar 1 fevral kunidan 31 mart kunigacha
(shu kuni ham) qabul qilinadi.
QAYERGA MUROJAAT ETILADI ?
Akademiyaga o‘qishga kirish istagini bildirgan nomzodlar yashash
joyidagi mudofaa ishlari bo‘limlariga ariza bilan, harbiy xizmatchilar esa
xizmat joyidagi tegishli komandir (boshliq) nomiga bildirgi bilan murojaat
etiladi.
AKADEMIYAGA O‘QISHGA KIRISH ISTAGINI BILDIRGAN
NOMZODLAR TOMONIDAN QANDAY HUJJATLAR TAQDIM ETILADI ?
Nomzod fuqaro yoshlar uchun:
Akademiyaga o‘qishga kirish istagini bildirgan nomzodlar tomonidan
yashash joyidagi mudofaa ishlari bo‘limlariga quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:
- ariza (bildirgi);
- chaqiriluvchining qayd etish guvohnomasi yoki harbiy guvohnomasi;
- nomzod tomonidan qo‘lda yoki kompyuterda yozilgan tarjimai hol;
- anketa;
- o‘qish, ish yoki xizmatni o‘tash joyidan (agar o‘qiyotgan,
ishlayotgan yoki xizmatni o‘tayotgan bo‘lsa) tavsiyanoma hamda ma’lumotnoma;
- ota-onasining farzandini Akademiyaga o‘qishga kirishga rozilik
xati (voyaga yetmaganlar uchun);
- 3 x4 sm o‘lchamdagi 6 ta fotosurat (bosh kiyimsiz va burchaksiz)
hamda
4,5 x 6 sm o‘lchamdagi 4 ta fotosurat (bosh kiyimsiz);
- Akademiyaga o‘qishga kirishda imtiyozlardan foydalanish huquqini
tasdiqlovchi hujjatlar (asli va nusxasi).
Nomzod to‘g‘risidagi boshqa hujjatlar mudofaa ishlari bo‘limlari
tomonidan tegishli davlat organlari va tashkilotlaridan mustaqil ravishda, shu
jumladan “Elektron hukumat” tizimi idoralararo integratsiyalashuv platformasi
orqali so‘rab olinadi.
- Nomzodlar tomonidan hujjatlarni taqdim etishda,
chaqiriluvchining qayd etish guvohnomasi yoki harbiy guvohnomasi shaxsan
ko‘rsatiladi.
Harbiy xizmatchi nomzodlar uchun:
Harbiy xizmatchi tomonidan o‘z xizmat o‘tash joyidagi kadr (saf)
bo‘linmasiga yuqorida ko‘rsatilgan hujjatlar bilan birga qo‘shimcha ravishda
quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:
Akademiyaga o‘qishga kirishga tavsiyanomalar (muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan harbiy xizmatchilarga – harbiy
bo‘linmaning umumiy yig‘ilish bayonnomasidan ko‘chirma, kontrakt bo‘yicha
harbiy xizmatchilarga – tegishli mas’ul vazirlikning hududiy organi yoki harbiy
qismning (muassasaning) attestatsiya komisiyasi yig‘ilishi bayonnomasidan
ko‘chirma);
Tegishli vazirlikning hududiy organi yoki harbiy qismning (muassasa)
tomonidan berilgan tavsiyanoma.
AKADEMIYAGA O‘QISHGA KIRUVCHILAR BILAN QANDAY
TADBIRLAR AMALGA OSHIRILADI ?
Akademiyaga kursantlar kontingentini sifatli butlash uchun quyidagi
saralab olish tadbirlari bosqichma-bosqich amalga oshiriladi:
- harbiy-professional yo‘nalish;
- dastlabki saralab olish;
- test sinovlari.
HARBIY-PROFESSIONAL YO‘NALISH BO‘YICHA TADBIRLAR
NIMALARNI QAMRAB OLADI ?
Harbiy-professional yo‘nalish bo‘yicha tadbirlar harbiy xizmatchi
kasbining mohiyatini va unga qo‘yiladigan talablarni ochib berish, yoshlarda
harbiy kasbni ongli ravishda tanlashni shakllantirish, muayyan harbiy
mutaxassislikni tanlashda ularga yordam ko‘rsatish maqsadida amalga oshiriladi.
Harbiy-professional yo‘nalish bo‘yicha tadbirlar O‘zbekiston
Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 27-dekabrdagi 775-sonli qarori
bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston respublikasi oliy harbiy ta’lim muassasalarida
o‘qishga nomzodlarni saralab olish va qabul qilish, kursantlarni o‘qishdan
chetlashtirish va qayta tiklash tartibi to‘g‘risida”gi Nizom talablariga
muvofiq amalga oshiriladi.
Mudofaa ishlari bo‘yicha bo‘limlar, favqulodda vaziyatlar vazirligi
hududiy boshqarmalari va Akademiya, harbiy-professional yunalish bo‘yicha
tadbirlarning amalga oshirilishi uchun mas’ul hisoblanadi.
DASTLABKI SARALAB OLISH TADBIRLARINI TASHKIL ETISH VA
O‘TKAZISH TARTIBI NIMALARDAN IBORAT ?
Sog‘lig‘i, umumjismoniy tayyorgarligi va
individual-psixologik xususiyatlariga muvofiq harbiy ixtisoslikning zamonaviy
talablariga javob beradigan, g‘oyaviy-ma’naviy barqaror, mustahkam intellektual
va ma’naviy-axloqiy salohiyatga ega bo‘lgan nomzodlarni aniqlash maqsadida
Dastlabki saralab olish tadbirlari o‘tkaziladi.
Dastlabki saralab olish tadbirlari ikki
bosqichda o‘tkaziladi.
Birinchi bosqich: fuqaro yoshlar uchun – mudofaa
ishlari bo‘limlarida, harbiy xizmatchilar uchun – xizmatni o‘tash joyida, 1 fevralidan 10 aprelga qadar
(shu kuni ham) amalga oshiriladi. Bunda quyidagi tadbirlar tashkil etiladi va
o‘tkaziladi:
- hujjatlarni to‘plash va o‘rganish;
- yakka tartibdagi suhbat;
- birlamchi tibbiy ko‘rik.
Ikkinchi bosqich: fuqaro yoshlar va harbiy
xizmatchilar uchun – mudofaa ishlari boshqarmalari va O‘zbekiston Respublikasi
Mudofaa vazirligining harbiy-tibbiy muassasalarida 11 apreldan 31 mayga qadar (shu kuni ham) amalga oshiriladi. Bunda
quyidagi tadbirlar tashkil etiladi va o‘tkaziladi:
- individual-psixologik o‘rganish;
- umumjismoniy tayyorgarlik ko‘rganligini
baholash;
- yakuniy tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish.
Dastlabki tanlash tadbirlarida
ishtirok etadigan nomzodlarning soni cheklanmaydi.
Nomzodlarning hujjatlarini to‘plash va
o‘rganish ishlari dastlabki saralab olish tadbirlarining birinchi bosqichi
yakunlangunga qadar (10 aprelgacha (shu
kuni ham)) amalga oshiriladi.
Nomzodlarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish O‘zbekiston
Respublikasi Prezidentining 2018-yil 25-dekabrdagi PQ-4076-son qarori bilan
tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarida tinchlik va urush
davrida tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish to‘g‘risida”gi Nizomi va boshqa qonunchilik
hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
Sog‘lig‘ining holatiga ko‘ra Akademiyada
o‘qishga yaroqsiz deb hisoblangan nomzodlar dastlabki saralab olishning keyingi
tadbirlariga qo‘yilmaydi.
Yakka tartibdagi suhbat fuqaro yoshlar bilan-tuman
(shahar) mudofaa ishlari bo‘yicha bo‘limlar boshliqlari tomonidan, harbiy
xizmatchilar bilan-harbiy qismlar (muassasalar), bo‘linmalarning komandirlari
tomonidan o‘tkaziladi.
Individual-psixologik o‘rganish qabul komissiyasi tarkibiga
kiritilgan mutaxassis-psixologlar tomonidan ularni psixologik test sinovidan
o‘tkazish yo‘li bilan 11 apreldan 31
maygacha (shu kuni ham) qadar o‘tkaziladi.
Psixologik test sinovi natijalari bo‘yicha
quyidagi xulosalar chiqariladi:
- Akademiyaga kirish uchun tavsiya etiladi;
- Akademiyaga kirish uchun tavsiya
etilmaydi.
Psixologik test sinovi natijalari bo‘yicha
Akademiyaga kirish uchun tavsiya etilmagan nomzodlar dastlabki saralab
olishning keyingi tadbirlariga qo‘yilmaydi.
Umumjismoniy tayyorgarlik
darajasini baholash komissiyasi tarkibiga kiritilgan mutaxassislar tomonidan 11 apreldan 31 maygacha (shu kuni ham) qadar
o‘tkaziladi.
Umumjismoniy tayyorgarlik darajasini baholash
tadbirlarida nomzodlar quyidagi mashqlarni bajaradi:
- 100 metrga yugurish;
- turnikda tortilish;
- 3000 metrga yugurish.
Belgilangan mashqlarni uzrsiz sabablarga ko‘ra
topshirmagan yoxud topshirishdan bosh tortgan nomzodlarga “qoniqarsiz” bahosi
qo‘yiladi.
Umumjismoniy tayyorgarlik darajasi bo‘yicha
belgilangan talablarga javob bermagan nomzodlar dastlabki saralab olishning
keyingi tadbirlariga qo‘yilmaydi.
AKADEMIYAGA O‘QISHGA KIRISH ISTAGINI BILDIRGAN
NOMZODLARNING BO‘YIGA QANDAY TALABLAR QO‘YILGAN ?
O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarida tinchlik va urush davrida
tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishni tashkil etish va amalga oshirish tartibi
to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqidagi qaror (ro‘yxat raqami 3147, 2019 yil
3 aprel) talablariga muvofiq, o‘qishga kirayotgan nomzodlarning bo‘yi 170 sm va
undan yuqori bo‘lishi belgilab qo‘yilgan.
AKADEMIYADA QAYSI TA’LIM YO‘NALISHLARI BO‘YICHA
KADRLAR TAYYORLANADI ?
Akademiyada quyidagi ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha
ofitser kadrlar tayyorlanadi:
1. Yong‘in xavfsizligi mutaxassisligi;
2. Texnosfera yong‘in xavfsizligi mutaxassisligi;
Akademiyani tamomlagan kursantlar leytenant
harbiy unvoniga, magistr diplomiga ega bo‘ladi.
FVV AKADEMIYASI KADRLAR BO‘LIMI