Abituriyent

O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasiga 2022/2023-o‘quv yili uchun o‘qishga kiruvchi nomzodlardan hujjatlarni qabul qilish jarayoni 2022-yil 01-fevral kunidan BOSHLANADI!

ARIZALAR VA BILDIRGILARNI QABUL QILISH MUDDATLARI:

O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasiga o‘qishga kirish uchun arizalar va bildirgilar 1 fevral kunidan 31 mart kunigacha (shu kuni ham) qabul qilinadi.

 QAYERGA MUROJAAT ETILADI ?

      Akademiyaga o‘qishga kirish istagini bildirgan nomzodlar yashash joyidagi mudofaa ishlari bo‘limlariga ariza bilan, harbiy xizmatchilar esa xizmat joyidagi tegishli komandir (boshliq) nomiga bildirgi bilan murojaat etiladi.

 AKADEMIYAGA O‘QISHGA KIRISH ISTAGINI BILDIRGAN NOMZODLAR TOMONIDAN QANDAY HUJJATLAR TAQDIM ETILADI ?

 Nomzod fuqaro yoshlar uchun:

        Akademiyaga o‘qishga kirish istagini bildirgan nomzodlar tomonidan yashash joyidagi mudofaa ishlari bo‘limlariga quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:

- ariza (bildirgi);

- chaqiriluvchining qayd etish guvohnomasi yoki harbiy guvohnomasi;

- nomzod tomonidan qo‘lda yoki kompyuterda yozilgan tarjimai hol;

- anketa;

- o‘qish, ish yoki xizmatni o‘tash joyidan (agar o‘qiyotgan, ishlayotgan yoki xizmatni o‘tayotgan bo‘lsa) tavsiyanoma hamda ma’lumotnoma;

- ota-onasining farzandini Akademiyaga o‘qishga kirishga rozilik xati (voyaga yetmaganlar uchun);

- 3 x4 sm o‘lchamdagi 6 ta fotosurat (bosh kiyimsiz va burchaksiz) hamda
4,5 x 6 sm o‘lchamdagi 4 ta fotosurat (bosh kiyimsiz);

- Akademiyaga o‘qishga kirishda imtiyozlardan foydalanish huquqini tasdiqlovchi hujjatlar (asli va nusxasi).

Nomzod to‘g‘risidagi boshqa hujjatlar mudofaa ishlari bo‘limlari tomonidan tegishli davlat organlari va tashkilotlaridan mustaqil ravishda, shu jumladan “Elektron hukumat” tizimi idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali so‘rab olinadi.

- Nomzodlar tomonidan hujjatlarni taqdim etishda, chaqiriluvchining qayd etish guvohnomasi yoki harbiy guvohnomasi shaxsan ko‘rsatiladi.

 

Harbiy xizmatchi nomzodlar uchun:

 

Harbiy xizmatchi tomonidan o‘z xizmat o‘tash joyidagi kadr (saf) bo‘linmasiga yuqorida ko‘rsatilgan hujjatlar bilan birga qo‘shimcha ravishda quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:

Akademiyaga o‘qishga kirishga tavsiyanomalar (muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan harbiy xizmatchilarga – harbiy bo‘linmaning umumiy yig‘ilish bayonnomasidan ko‘chirma, kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchilarga – tegishli mas’ul vazirlikning hududiy organi yoki harbiy qismning (muassasaning) attestatsiya komisiyasi yig‘ilishi bayonnomasidan ko‘chirma);

Tegishli vazirlikning hududiy organi yoki harbiy qismning (muassasa) tomonidan berilgan tavsiyanoma.

 

AKADEMIYAGA O‘QISHGA KIRUVCHILAR BILAN QANDAY TADBIRLAR AMALGA OSHIRILADI ?

        Akademiyaga kursantlar kontingentini sifatli butlash uchun quyidagi saralab olish tadbirlari bosqichma-bosqich amalga oshiriladi:

- harbiy-professional yo‘nalish;

- dastlabki saralab olish;

- test sinovlari.

 

HARBIY-PROFESSIONAL YO‘NALISH BO‘YICHA TADBIRLAR

NIMALARNI QAMRAB OLADI ?

     Harbiy-professional yo‘nalish bo‘yicha tadbirlar harbiy xizmatchi kasbining mohiyatini va unga qo‘yiladigan talablarni ochib berish, yoshlarda harbiy kasbni ongli ravishda tanlashni shakllantirish, muayyan harbiy mutaxassislikni tanlashda ularga yordam ko‘rsatish maqsadida amalga oshiriladi.

Harbiy-professional yo‘nalish bo‘yicha tadbirlar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 27-dekabrdagi 775-sonli qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston respublikasi oliy harbiy ta’lim muassasalarida o‘qishga nomzodlarni saralab olish va qabul qilish, kursantlarni o‘qishdan chetlashtirish va qayta tiklash tartibi to‘g‘risida”gi Nizom talablariga muvofiq amalga oshiriladi.

Mudofaa ishlari bo‘yicha bo‘limlar, favqulodda vaziyatlar vazirligi hududiy boshqarmalari va Akademiya, harbiy-professional yunalish bo‘yicha tadbirlarning amalga oshirilishi uchun mas’ul hisoblanadi.

  DASTLABKI SARALAB OLISH TADBIRLARINI TASHKIL ETISH VA O‘TKAZISH TARTIBI NIMALARDAN IBORAT ?

   Sog‘lig‘i, umumjismoniy tayyorgarligi va individual-psixologik xususiyatlariga muvofiq harbiy ixtisoslikning zamonaviy talablariga javob beradigan, g‘oyaviy-ma’naviy barqaror, mustahkam intellektual va ma’naviy-axloqiy salohiyatga ega bo‘lgan nomzodlarni aniqlash maqsadida Dastlabki saralab olish tadbirlari o‘tkaziladi.

Dastlabki saralab olish tadbirlari ikki bosqichda o‘tkaziladi.

Birinchi bosqich: fuqaro yoshlar uchun – mudofaa ishlari bo‘limlarida, harbiy xizmatchilar uchun – xizmatni o‘tash joyida, 1 fevralidan 10 aprelga qadar
(shu kuni ham) amalga oshiriladi. Bunda quyidagi tadbirlar tashkil etiladi va o‘tkaziladi:

- hujjatlarni to‘plash va o‘rganish;

- yakka tartibdagi suhbat;

- birlamchi tibbiy ko‘rik.

Ikkinchi bosqich: fuqaro yoshlar va harbiy xizmatchilar uchun – mudofaa ishlari boshqarmalari va O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining harbiy-tibbiy muassasalarida 11 apreldan 31 mayga qadar (shu kuni ham) amalga oshiriladi. Bunda quyidagi tadbirlar tashkil etiladi va o‘tkaziladi:

- individual-psixologik o‘rganish;

- umumjismoniy tayyorgarlik ko‘rganligini baholash;

- yakuniy tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish.

Dastlabki tanlash tadbirlarida ishtirok etadigan nomzodlarning soni cheklanmaydi.

Nomzodlarning hujjatlarini to‘plash va o‘rganish ishlari dastlabki saralab olish tadbirlarining birinchi bosqichi yakunlangunga qadar (10 aprelgacha (shu kuni ham)) amalga oshiriladi.

Nomzodlarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 25-dekabrdagi PQ-4076-son qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarida tinchlik va urush davrida tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish to‘g‘risida”gi Nizomi va boshqa qonunchilik hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.

Sog‘lig‘ining holatiga ko‘ra Akademiyada o‘qishga yaroqsiz deb hisoblangan nomzodlar dastlabki saralab olishning keyingi tadbirlariga qo‘yilmaydi.

Yakka tartibdagi suhbat fuqaro yoshlar bilan-tuman (shahar) mudofaa ishlari bo‘yicha bo‘limlar boshliqlari tomonidan, harbiy xizmatchilar bilan-harbiy qismlar (muassasalar), bo‘linmalarning komandirlari tomonidan o‘tkaziladi.

Individual-psixologik o‘rganish qabul komissiyasi tarkibiga kiritilgan mutaxassis-psixologlar tomonidan ularni psixologik test sinovidan o‘tkazish yo‘li bilan 11 apreldan 31 maygacha (shu kuni ham) qadar o‘tkaziladi.

Psixologik test sinovi natijalari bo‘yicha quyidagi xulosalar chiqariladi:

- Akademiyaga kirish uchun tavsiya etiladi;

- Akademiyaga kirish uchun tavsiya etilmaydi.

Psixologik test sinovi natijalari bo‘yicha Akademiyaga kirish uchun tavsiya etilmagan nomzodlar dastlabki saralab olishning keyingi tadbirlariga qo‘yilmaydi.

Umumjismoniy tayyorgarlik darajasini baholash komissiyasi tarkibiga kiritilgan mutaxassislar tomonidan 11 apreldan 31 maygacha (shu kuni ham) qadar o‘tkaziladi.

Umumjismoniy tayyorgarlik darajasini baholash tadbirlarida nomzodlar quyidagi mashqlarni bajaradi:

- 100 metrga yugurish;

- turnikda tortilish;

- 3000 metrga yugurish.

Belgilangan mashqlarni uzrsiz sabablarga ko‘ra topshirmagan yoxud topshirishdan bosh tortgan nomzodlarga “qoniqarsiz” bahosi qo‘yiladi.

Umumjismoniy tayyorgarlik darajasi bo‘yicha belgilangan talablarga javob bermagan nomzodlar dastlabki saralab olishning keyingi tadbirlariga qo‘yilmaydi.

 

AKADEMIYAGA O‘QISHGA KIRISH ISTAGINI BILDIRGAN NOMZODLARNING BO‘YIGA QANDAY TALABLAR QO‘YILGAN ?

        O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarida tinchlik va urush davrida tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishni tashkil etish va amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqidagi qaror (ro‘yxat raqami 3147, 2019 yil 3 aprel) talablariga muvofiq, o‘qishga kirayotgan nomzodlarning bo‘yi 170 sm va undan yuqori bo‘lishi belgilab qo‘yilgan.

 AKADEMIYADA QAYSI TA’LIM YO‘NALISHLARI BO‘YICHA

KADRLAR TAYYORLANADI ?

         Akademiyada quyidagi ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha ofitser kadrlar tayyorlanadi:

1. Yong‘in xavfsizligi mutaxassisligi;

2. Texnosfera yong‘in xavfsizligi mutaxassisligi;

Akademiyani tamomlagan kursantlar leytenant harbiy unvoniga, magistr diplomiga ega bo‘ladi.

 FVV AKADEMIYASI KADRLAR BO‘LIMI