SOHIBQIRON SIYMOSIGA EHTIROM

SOHIBQIRON SIYMOSIGA EHTIROM

     Bugun, erta tongdan an’anaga ko‘ra, mamlakatimiz bo‘ylab buyuk Sohibqiron Amir Temur tavalludining 688 yilligi keng nishonlanmoqda. Jumladan, Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasida ham buyuk Sohibqiron tavalludining 688 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda Akademiyaning saf maydoniga yig‘ilgan harbiy xizmatchi va kursantlar Amir Temur byusti poyiga gul qo‘yib, ulug‘ sarkardaga yuksak ehtirom ko‘rsatildi. Shundan so‘ng, navbatdagi tantanali tadbir Toshkent shahridagi Amir Temur xiyoboni, Temuriylar tarixi davlat muzeyida buyuk Sohibqiron Amir Temur bo‘lib o‘tdi.
      Dastlab, Amir Temur haykalining poyida taniqli davlat va jamoat arboblari, ilm-fan, madaniyat va san’at namoyondalari, ijodkorlar, mahalla faollari, Mudofaa vazirligi, Milliy Gvardiya, Favqqulodda vaziyatlar vazirligi, Ichki ishlar vazirligi harbiy xizmatchilari va kursantlar, keng jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi. Sohibqiron haykali atrofida barchani harbiy xizmatchi va kursantlar hamda Temurbeklar maktabi o‘quvchilari tantanali kutib oldi.
   O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, Vazirlar Mahkamasi, Toshkent shahar hokimligi, O‘zbekiston Yozuvchilari uyushmasi va bir qator tashkilotlari jamoalari, Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Milliy Gvardiya, Favqqulodda vaziyatlar vazirligi, Favqqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasi, harbiy xizmatchilari va kursantlar o‘z gulchambarlarini Amir Temur haykali poyiga qo‘ydi va buyuk Sohibqironga ehtirom ko‘rsatdi. Mazkur tantanali tadbir Temuriylar tarixi davlat muzeyida davom etdi.
   Tadbirda so‘zga chiqqan, bir qator jamoat arboblari, yozuvchilar, madaniyat xodimlari, harbiy xizmatchilar, sportchi va san’atkorlar muhtaram Prezidentimizning mamlakat boshqaruvida adolatga tayanish, fuqarolarning manfaatlarini ta’minlash, aholining turli qatlamlari, ayniqsa, zaiflarni kuchli ijtimoiy himoyalash, jamiyatda mehr-muruvvat, saxovat, oqibat, bag‘rikenglik g‘oyalarini mustahkamlash, yosh avlodni ajdodlarimizga munosib va barkamol shaxs etib tarbiyalashga oid ko‘plab tashabbuslari Sohibqiron bobomizning umri davomida amal qilganligini, o‘zining hayot shioriga aylantirgan tamoyillarga hamohang ekanligini alohida e’tirof etdilar.
   Shundan so‘ng, yig‘ilganlar Temuriylar tarixi davlat muzeyida tashkil etilgan “Temuriylar davri miniatura san’ati durdonalari” komli ko‘rgazma hamda boshqa bir qator eksponatlarni tomosha qildi. Amir Temur — o’zligimizni anglash, milliy an’ana va qadriyatlarimizni tiklash borasidagi ulug’vor ishlarda xalqimizga ma’naviy kuch bag’ishlab kelayotgan ulug’ siymolardan biridir deydi — kapitan Firdavs Karimov — an’anaga ko‘ra, bu yil ham Sohibqiron tavalludining 688 yilligi ko‘tarinki ruhda keng nishonlanmoqda.


Akademiya axborot xizmati.