“OʼZBEK” АTАMАSI TАRIXCHILАR TАLQINIDА

“OʼZBEK” АTАMАSI TАRIXCHILАR TАLQINIDА

        Oʼzbekistonning, umuman Markaziy Osiyo xalqlarining oʼtmiishi buyuk va yorqin boʼlganligi hammaga maʼlum. Mazkur mintaqa xalqlari qadim zamonlarda yaratgan yuksak madaniyat jahon sivilizatsiyasining muhim bir qismidir. Ushbu qadimgi madaniyat ildizlarini oʼrganish, beqiyos madaniy yodgorliklarni, ilm-fan, sanʼat, meʼmorchilik sohalarida mumtoz asarlar yaratgan buyuk ajdodlarimiz merosini oʼrganish nafaqat xalqning iftixorini uygʼotish uchun, balki buyuk oʼtmish saboqlaridan buyuk kelajak yaratishda foydalanish uchun ham zarurdir.    
        Oʼzbekiston Respublikasining Prezidenti Sh.M.Mirziyoev koʼrsatib oʼtganidek, “Hech qachon unutmaylik, goʼzal va betakror Oʼzbekiston barchamizniki ekan, uning taqdiri va kelajagi uchun barchamiz masʼulmiz.            
Bizning havas qilsa arziydigan buyuk tariximiz bor. Havas qilsa arziydigan beqiyos boyligimiz bor. Va men ishonaman, Xudo hohlasa, havas qilsa arziydigan buyuk kelajagimiz ham albatta boʼladi”.
     Tarixni bilish esa eng avval xalq oʼzining kimligini: xususan, oʼzbek xalqi qaerdan kelib chiqqani; uning oʼzagi qaerda va qaysi urugʼlar, qabilalar, elatlar uning tarkibini tashkil qilganini, u qachon yagona xalq sifatida shakllanganini oʼrganish va aniqlashdan boshlanadi. Bu muammo tarix fanining dolzarb masalalridan biri boʼlib hisoblanadi va koʼpdan buyon olimlarning aql-idrokini band etib keladi.
        Shunday muammolardan biri “oʼzbek” atamasidir.  Oʼz xalqi etnogenezi masalasi, jumladan oʼzbek xalqining nomi haqidagi bahs asrlardan buyon tarixchilarning eʼtiborini oʼziga tortib keladi. Uni sharq tarixchilari ham, Yevropa va Rusiya tarixchilari ham, Oʼzbekistonlik tarixchi olimlarning ham diqqatini chetda qoldirmagan. Bir qator tarixchilar, jumladan, XVII asr tarixchisi Аbulgʼozi ham “oʼzbek” nomini Oʼzbekxon (1312-1342) nomidan chiqaradilar. Venger tarixchisi, А.Vamberi fikricha “oʼzbek”ning soʼzma-soʼz maʼnosi “shaxsan mustaqil xoʼjayin,” “erkin” demakdir.
      XIX asr tadqiqotchilaridan yana biri А.Middendorf fikricha “oʼzbek” soʼzining etimologiyasi “oʼtroq” degan maʼnoni bildiradi.
 Sharqshunos olim V.V.Bartolьd “oʼzbek” atamasi haqida turli fikrlar borligini aytib, “oʼzbek” atamasi Oltin Oʼrda xoni Oʼzbekxon nomidan olingan,” degan Аbulgʼoziyni talqinini maqul deb hisoblaydi.А.Yu.Yakubovskiy “oʼzbek” atamasining kelib chiqishi toʼgʼrisida hanuz yagona fikr yoʼqligini koʼrsatib oʼtadi. Olim baʼzi tadqiqotchilarning: “hozirgi oʼzbeklar Oʼrta Osiyoga- XV asr boshida Shayboniyxon rahbarligida uning butun hududini egallab kelgan koʼchmanchi oʼzbeklardan kelib chiqqanlar” deb hisoblashi, hamda oʼzbeklarning tarixi Oʼzbekiston hududida faqat XVI asrdan boshlanadi, degan fikrning tarixiy xato ekanligini koʼrsatib, unga qarshi chiqdi.
А.Yu.Yakubovskiy fikricha dashti qipchoq oʼzbeklari hozirgi Oʼzbekiston hududining kattagina qismida turkiy tilli, yaʼni turkiy va turkiylashgan, zich joylashgan aholiga duch keldilar va ana shu turkiy tilli aholi tarkibiga soʼnggi qoʼshimcha sifatida qoʼshilib, unga oʼzlarining nomlarini berdilar deb xulosa qiladi.
       Oʼzbek tarixchi olimi B.Аhmedov qoʼlyozma asarlarga asoslanib, “oʼzbek” atamasiga izoh berib, u bu atamaning Oʼzbekxongacha ham oldin mavjud boʼlganini tasdiqlovchi fikr ham bor deb yozadi. B.Аhmedov rahbarligida nashr etilgan Mirzo Ulugʼbek (1409-1449) ning “Toʼrt ulus tarixi” nomli asari bu haqdagi tushunchani kengaytiradi. Undan Qipchoq Dashtining sharqiy qismi va Gʼarbiy Sibir Oʼzbekxon Oltin Oʼrda taxtiga oʼtirmasdan birmuncha ilgari ham “oʼzbek ulusi” deb atalgani maʼlum boʼldi. Demak, bu katta maydonda koʼchib yurgan turk qabilalari “Oʼzbek” degan bitta umumiy nom bilan atalgandir.    
      Tojik olimi B.G.Gʼofurov “oʼzbek” atamasini Oʼzbekxon nomi bilan bogʼlashga asos yoʼq; chunki oʼsha vaqtda Movarounnahrga kirib kelgan Shayboniyxon rahbarli gida oʼzbeklar tarkibidagi qabilalar Oʼrta Osiyoda allaqachonlar yashamoqda edilar [8], deb yozgan edi.
Taniqli tarixchi olimlar R.G.Muqminova, K.Shoniyozovning asarlari ham, jumladan bu fikrning toʼgʼri ekanligini tasdiqlaydi. Demak, XVI asr boshida Qipchoq Dashtidan Movarounnahr hududiga kirib kelgan Qipchoq Dashti oʼzbeklari kam sonli boʼlganlar va mahalliy aholiga oʼzlarining taʼsirini oʼtkaza olmaganlar, aksincha ular mahalliy aholining yuksak madaniyati va tilini qabul qilganlar.
    А.Аsqarov, B.Аhmedov bilan hamkorlikda yozgan maqolalaridan “oʼzbek” atamasi Oʼzbekxonni ng Oltin Oʼrda hukmronligiga qadar Oq Oʼrda xonlari qoʼl ostida boʼlgan fuqaroga nisbatan ishlatilgan, keyinchalik Oq Oʼrdani qoʼshib olgandan boshlab uning qoʼl ostidagi ikki Oʼrda fuqarolarni “oʼzbeklar” nomi bilan yurtish odat tusiga kirgani taʼkidlanadi.
   Shunday qilib, mazkur olimlarning “oʼzbek” atamasi haqidagi fikrlarini quyidagicha umumlashtirish mumkin:
Birinchidan, aksariyat tarixchi olimlarning ushbu masala atrofida olib borgan tadqiqotlari hozirgi oʼzbeklarning Movarounnahrdagi tub (erli etnoslar) turkiy va turkiylashgan aholisi asosida bir necha qismlar-unsurlar birkuvida shakllangan. XVI asr boshlarida bu yerga kirib kelgan Shayboniyxon rahbarligidagi oʼzbeklar unga (erli turkiy va turkiy tilli aholiga) bitta unsur sifatida kelib qoʼshilganlar va mahalliy aholining madaniyati, tilini qabul qilib, uning tarkibiga singib ketganlar.
     Movarounnahr aholisiga qoʼshilgan oxirigi tarkibiy qism (komponent) sifatida ularning nomlari mahalliy aholining nomiga aylanib qoldi. Demak, oʼzbek olimlari (B.Аhmedov, А.Аsqarov) soʼzlari bilan aytganda, “oʼzbek” atamasi bu nom bilan ataluvchi xalq tarixiga nisbatan juda yoshdir.Ikkinchidan, XVI asr boshlarida Movarounnahrga kirib kelgan Qipchoq Dashti oʼzbeklarini oʼzbek xalqining asosiy ildizi deb sanash, oʼzbek xalqi faqat ana shu koʼchmanchi oʼzbeklardan kelib chiqqan deb va oʼzbek xalqi kelib chiqishi XVI asr boshlanadi, deb qarash gʼayri ilmiy qarashdir.


Dinara Hoshimova, 
Gumanitar va ijtimoiy-
iqtisodiy fanlar kafedrasi, 
boshligʼining oʼrinbosari,
podpolkovnik.