AMIR TEMUR SIYMOSI – MILLIY DAVLATCHILIK TIMSOLI

AMIR TEMUR SIYMOSI – MILLIY DAVLATCHILIK TIMSOLI

        Har qanday davlatning tarixiy taraqqiyot yo‘lidan ma’lumki, yurtning jadal rivojlanishi, muayyan yutuqlarga erishishi, xalqning farovon bo‘lishi o‘sha davlatda yoshlar ta’lim-tarbiyasi va kelajagiga bo‘lgan e’tibor bilan chambarchas bog‘liq. Davlatimiz rahbari ta’kidlaganlaridek “Yoshlarimiz haqli ravishda jonajon Vatanimizning kelajagi uchun javobgarlikni zimmasiga olishga qodir bo‘lgan, bugungi va ertangi kunimizning hal etuvchi kuchiga aylanib borayotgani barchamizga g‘urur va iftixor bag‘ishlaydi”.
    Mamlakatimiz bo‘ylab buyuk Sohibqiron Amir Temur tavalludining 688 yilligi keng nishonlanmoqda. Jumladan, kuni kecha Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasida buyuk davlat arbobi, sarkarda, Sohibqiron Amir Temur tavalludining 688 yilligiga bag‘ishlangan “Amir Temurning Markaziy Osiyo va jahon tarixida tutgan o‘rni” mavzusida ilmiy-amaliy anjuman o‘tkazildi. Anjumanda O‘zbek Milliy akademik drama teatri aktyori, O‘zbekiston xalq artisti Tesha Mo‘minov, “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti”, milliy tadqiqot universiteti professori, t.f.d., Shoxista O‘ljayeva, “Temuriylar tarixi davlat muzeyi” ilmiy xodimlari Saidbaxrom Azizov va Komiljon Sultonov, Oliy harbiy ta’lim muassasalari hamda FVV Akademiyasi professor-o‘qituvchilari, harbiy xizmatchilari, kursantlar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
   Anjumandan ko‘zlangan maqsad - yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ona yurtga cheksiz mehr-muhabbat hamda sadoqat tuyg‘ularini shakllantirish, vatanparvarlik, xalqparvarlik fazilatlarini yuksaltirish, ajdodlarimizning jasorat va qahramonliklari va ularning boy ma’naviy merosini yanada chuqurroq o‘rganishdan iboratdir. Anjumanda so‘zga chiqqanlar - Sohibqiron Amir Temurning bunyodklorlik ishlari, o‘z zamonining kuchli va eng jangovar lashkarini tashkil qilishga muvaffaq bo‘lganligi, bobokalonimiz yaratgan qudratli armiya jahonning o‘sha vaqtdagi eng ilg‘or armiyasi sifatida tan olingani, Sohibqiron Amir Temur hazratlari milliy davlatchiligimiz tarixida nafaqat yetti iqlim sultoni sifatida, balki yurt obodonchiligi va xalq farovonligi yo‘lida bor kuch-g‘ayratini safarbar etgan buyuk davlat arbobi ekanligini alohida e’tirof etdilalar.
   Yakunda ishtirokchilarni qiziqtirgan savollariga ma’ruzachilar tomonidan atroflicha javoblar berildi va tashkilotchilar tomonidan taklif etilgan mehmonlarga Akademiya rahbariyatining tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari topshirildi. Muxtasar qilib aytganda, Amir Temurni ulug‘lash – tarix qa’riga chuqur ildiz otgan tomirlarimizga, madaniyatimizga, qudratimizga asoslanib, buyuk kelajagimizga ishonchimizni mustahkamlash demakdir.


Zavqiddin PARDAYEV,
Akademiya katta
o‘qituvchisi, 
kapitan.