UCH AVLOD UCHRASHUVI

UCH AVLOD UCHRASHUVI

    Tarix va kelajak mushtarakligini ta’minlash bugungi avlodning burchi hisoblanadi. Bu borada Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasi tomonidan bir qator tadbirlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, joriy yilning 4-aprel kuni Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasida yoshlarni vatanparvarlik va ona yurtga muhabbat, milliy qadriyat va an’analarimizga hurmat, shonli tariximizni chuqur bilish ruhida tarbiyalash maqsadida, navbatdagi “Uch avlod uchrashuvi” o‘tkazildi.
   Mazkur uchrashuvda Toshkent shahar Yangihayot tumanida istiqomat qilib kelayotgan bir guruh pensiyadagi harbiy soha vakillari, baynalminalchi faxriylar, Toshkent harbiy prokuraturasi, Toshkent harbiy sudi mas’ul xodimlari hamda Akademiya harbiy xizmatchilari va kursantlar ishtirok etdi. Tadbirda so‘zga chiqqanlar, harbiy sohada uzoq yillar xizmat qilgan yoshi ulug‘ faxriylarni hayoti va mehnat faoliyati davomida to‘plagan boy tajribasi, yoshlik davridagi o‘ziga xos qiyinchiliklar, mehnat pallasidagi mashaqqatlar, nihoyat, nuroniylik paytida ko‘rsatilayotgan hurmat-ehtirom haqida o‘z dil so‘zlarini, samimiy fikrlarini bildirdilar.
    Shuningdek, tadbirda so‘z olganlar, o‘zaro suhbat va muloqotlarda mamlakatimizda inson omiliga yuksak e’tibor berilayotgani, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan jamiyatimizning har bir a’zosiga g‘amxo‘rlik, mehr-oqibat ko‘rsatilayotgani, inson qadr-qimmati, uning orzu-niyatlarini ro‘yobga chiqarishga imkoniyat yaratib berish ustuvor vazifaga aylangani, ayniqsa yoshlarimiz, bugungi kunda yaratib berilayotgan ulkan shart-sharoitlardan unumli foydalangan holda, jonajon Vatanimiz ravnaqiga munosib hissa qo‘shib, kelajakda o‘z sohasining yetuk mutaxasislari bo‘lishlarini bot-bot ta’kidlandi.
    — Faxriylar o‘z tajribalaridan so‘zlab bergan hayotiy saboqlar, chunonchi, qalblarida jo‘sh urgan vatanparvarlik tuyg‘usi har qanday mashaqqatli vaziyatda ularga kuch va shijoat bergani, xalqimiz oldidagi farzandlik burchi esa doimo o‘z vazifalariga fidoyilik va mas’uliyat bilan yondashishga undagani ishtirokchilar, ayniqsa, yoshlardagi Vatanga bo‘lgan muhabbat va sadoqat hissini yanada to‘lqinlantirib yubordi desam mubolag‘a bo‘lmaydi deydi — kapitan Firdavs Karimov.
   Shuni alohida ta’kidlash joizki, muloqotlar ochiq, samimiy va savol-javoblarga boy bo‘ldi, inson qadri ulug‘lanayotgan yurtda bunday uchrashuvlar yoshlarni tafakkur qilishga, yurt istiqboli uchun mas’uliyatli bo‘lishga undaydi.


Akademiya axborot xizmati.