Yong‘in xavfsizligi institutida general-mayor Matrasul Sobirov xotirlandi

Hayotda o‘z mehnati va yaxshi fazilatlari bilan barchaga o‘rnak bo‘lib yashagan insonlar ko‘p. Shu bois ular oramizda yo‘q bo‘lsa-da, o‘zidan qoldirgan xotiralari bilan mangudir.

Uzoq yillar huquqni muhofaza qiluvchi organlarda samarali faoliyat yuritgan yuridik fanlar doktori, professor, general-mayor Matrasul Sobirov ana shunday insonlardan edi.

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Yong‘in xavfsizligi institutida o‘tkazilgan “Ajdodlarni xotirlash – muqaddas qadriyat” deb nomlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbir general-mayor Matrasul Sobirov xotirasiga bag‘ishlandi.


Unda yuridik fanlar doktori, professor Nuriddin Narmatov va boshqalar Matrasul Sobirovning serqirra faoliyati va olijanob insoniy fazilatlari yoshlar ta’lim-tarbiyasida o‘rnak bo‘lgulik ekanini qayd etdi.

Matrasul Sobirov Yong‘indan saqlash oliy texnik maktabidagi qariyb 16 yillik rahbarlik faoliyati mobaynida o‘zining tashkilotchilik qobiliyatini namoyon etib, mazkur o‘quv dargohini respublika oliy ta’lim muassasalari qatorida munosib o‘rin egallashi uchun bor kuch va imkoniyatini, bilim va tajribasini safarbar etdi.

O‘quv jarayonini samarali tashkil etish va takomillashtirish, moddiy-texnik jihatdan mustahkamlash, zamonaviy pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish, ilmiy salohiyatga ega professor-o‘qituvchilarni jalb etish borasida jonbozlik ko‘rsatdi.



– Matrasul Sobirov talabchan rahbar, mehribon ustoz, hayotda dardkash inson, barchaga o‘zlarining yordam qo‘llarini cho‘zardi, – dedi institutning kadrlar boshqarmasi xodimi Gennadiy Kupsov. – Xodimlarning yaxshi-yomon kunlariga e’tibor qaratib hurmat ko‘rsatardi. U kishi juda ko‘p xodimlarni uylariga, viloyatlarga to‘yga, ta’ziyasiga borib, quvonchlariga sherik, dardlariga malham bo‘lgan. Institut jamoasi marhum ustozni yaxshi xotiralar bilan eslaydi. Mehribonlik uyidan so‘ng o‘z hayot yo‘limni topishimda u kishini xizmatlari beqiyos. Shu oliy dargohga o‘qishga topshirgan kunimdan meni qabuliga chaqirib, suhbatlashgani hali hanuz ko‘z o‘ngimdan ketmaydi. Oila qurib hayotga mustaqil qadam qo‘yishimda ustozimning o‘rni benihoya katta.

Bu kabi tadbirlar yosh avlodni vatanparvarlik, mehnatsevarlik, mehr-oqibat ruhida tarbiyalash, azaliy an’ana va qadriyatlarimizni asrab-avaylash, ular qalbida Vatanga sadoqat, xayru saxovat kabi fazilatlarni shakllantirishga xizmat qiladi. Qolaversa, mamlakatimizda tinchlik hamda osoyishtalik barobarida inson qadrining shunday yuksak darajada ulug‘lanayotgani yoshlar uchun tengsiz saboqdir.