AYOL – NAFOSAT GULSHANI

AYOL – NAFOSAT GULSHANI

        Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasi xodimalarining bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishni ta’minlash va ular o‘rtasida sport musobaqalari doimiy tarzda samarali tashkil etib kelinmoqda. Jumladan, joriy yilning 12-28-fevral kunlari Akademiya shaxsiy tarkibi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish va sog‘lom turmush tarzi tamoyillarini yanada kuchaytirish, shuningdek, “8-mart Xalqaro xotin-qizlar kuni” bayrami munosabati bilan Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasi ayollari o‘rtasida sport musobaqalari tashkil etildi. Ayollar bayrami arafasida Akademiyada faoliyat yuritayotgan opa-singillarimizning sport musobaqasida qatnashishga vaqt, imkon topishlari oson emas, albatta, lekin shunga qaramasdan hamkasblarimiz o‘tkazilgan sport musobaqalarida faol ishtirok etdilar. Do‘stona ruhda tashkil etilgan mazkur musobaqada Akademiya xodimalari sportning “Badminton”, “100 metr masofaga yugurish”, “Sport granatasini uloqtirish” hamda “Shashka o‘yini” turlari bo‘yicha o‘zaro bellashdilar.
     Qizg‘in va murosasiz kechgan sport musobaqalari natijalariga ko‘ra, faxrli o‘rinlarni egallagan g‘olib va sovrindor ayollar joriy yilning 6-mart kuni FVV Akademiyasida Favqulodda vaziyatlar vaziri va Akademiya faxriylari, harbiy xizmatchilari, ayol xodimalar va kursantlar ishtirok etgan “8 mart - Xalqaro xotin-qizlar bayrami kuni”ga bag‘ishlab o‘tkazilgan tantanali tadbirda diplom va medallar bilan taqdirlandilar. Tadbirni Akademiya boshlig‘i general-mayor Ravshan Haydarov ochib, yurtimizdagi barcha munis ayollarimizni shu jumladan, Akademiyada erkaklar bilan bir safda turib yurt osoyishtaligi, tinchligi yo‘lida, xizmat qilayotgan hamda porloq kelajagimiz davomchilari bo‘lgan yosh avlodni kamol toptirish, tarbiyalash kabi o‘ta mas’uliyatli vazifani ado etib kelayotgan barcha xotin-qizlarni tabrikladi.
     Shundan so‘ng, bayram munosabati bilan, Favqulodda vaziyatlar vaziri general-mayor Abdulla Qo‘ldoshev hamda Akademiya boshlig‘i general-mayor Ravshan Haydarovning “8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni” munosabati bilan soha malikalarini mukofotlash to‘g‘risidagi tegishli buyruqlari o‘qib eshittirildi va Akademiya ayollariga “Mo‘tabar ayol” ko‘krak nishoni, tashakkurnoma va pul mukofotlarini Akademiya rahbariyati tomonidan tantanali topshirildi. Tadbirning badiiy qismi, konsert dasturi bilan davom etib, Akademiya Orkestrining hushovoz xonandalari va ijodkor kursantlar tomonidan ijro etilgan kuy-qo‘shiqlar tadbir qatnashchilarida katta taassurotlar qoldirdi.

Akademiya matbuot xizmati