ENG YAXSHI YOSH KITOBXON

ENG YAXSHI YOSH KITOBXON

        Qadimdan kitob mutolaasi shahsni tarbiyalashda uning individual xususiyatlarini ochib berishda muhim va ajralmas rol o‘ynagan, shuningdek uning shakllanishida muhim omil bo‘lib xizmat qilgan. Shu nuqtai nazardan, zamonaviy dunyoda kitob mutolaasi birinchi navbatda uzluksiz ta’lim tizimida, shu jumladan, har kimning kundalik faoliyatida alohida o‘rin tutishi lozim. Davlatimiz rahbarining tashabbuslari bilan Yangi O‘zbekistonda bu masalaga jiddiy e’tibor berilmoqda, davlat siyosati darajasiga olib chiqilgan.
   Xususan, muhtaram Prezidentimiz ilgari surgan besh muhim tashabbus doirasida yoshlar ma’naviyatini oshirish, ular o‘rtasida kitobxonlikni keng targ‘ib qilish maqsadida an’anaviy tarzda “Eng yosh kitobxon” ko‘rik-tanlovi o‘tkazib kelinmoqda. Jumladan, kuni kecha O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Toshkent shahar Kengashi bilan hamkorlikda O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasida harbiy va harbiylashtirilgan oliy ta’lim muassasalari kursantlari o‘rtasida “Eng yaxshi yosh kitobxon” ko‘rik-tanlovi bo‘lib o‘tdi. Mazkur tanlovda O‘zbekiston Respublikasi “Ma’naviyat va ma’rifat” markazi, ekspertlar komissiyasi a’zosi, jamoatchi maslahatchi, xalqaro toifadagi spiker, falsafa fanlari doktori, professor Jamila Shermuxamedova, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti o‘qituvchilari Intizor Jumaniyozova, Akmal Ikromov, Abdulla Maxmado‘stov, O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar Ittifoqi Toshkent shahar Kengashi bo‘lim boshlig‘i, Sarvar Ismoilov, O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi Universiteti, Davlat xavfsizligi xizmati akademiyasi, Ichki ishlar vazirligi akademiyasi, Favqulloda vaziyatlar vazirligi akademiyasi, Qurolli Kuchlar akademiyasi, Bojxona qo‘mitasi Bojxona insitituti, Mudofaa vazirligi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa harbiy instituti va Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik muhandislik bilim yurti harbiy xizmatchilari va kursantlar hamda OAV vakillari ishtirok etdi.
    Tanlovdan ko‘zlangan asosiy maqsad - qadimiy va betakror diyorimizdan yetishib chiqqan buyuk alloma, adib va mutafakkirlarimizning boy ma’naviy merosini, madaniyat, dunyoviy va diniy ilm-fan taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shgan ulug‘ ajdodlarimizning noyob asarlarini asrab avaylash, kelgusi avlodlarga bezavol yetkazish, ularning nodir merosini, ibratli hayoti va ijtimoiy faoliyatini har tomonlama chuqur o‘rganish va targ‘ib etish, yoshlarni kitobga bo‘lgan qiziqishlarini yanada oshirish orqali ularni bir joyga jamlash hamda ular o‘rtasida kitobxonlik madaniyatini keng ommalashtirishdan iboratdir.
     Tanlovni Akademiya boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari, kimyo fanlari doktori, (DSc) professor Odiljon Ziyadullayev ochib, adabiyot va kitob mutolaasining hayotimizdagi o‘rni va ahamiyati haqida so‘z yuritib, bunday tanlovlar yoshlarga rag‘bat va kuch-g‘ayrat, kitobga bo‘lgan mehrini oshishiga turtki bo‘lishini alohida ta’kidlab, tanlov ishtirokchilariga muvaffaqiyat tiladi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy harbiy ta’lim muassasalari kursantlaridan tarkib topgan barcha jamoalar “Adabiyot bilimdoni”, “Men sevgan adib” va “She’riyat” shartlari bo‘yicha bellashdilar. Qizg‘in va murosasiz kechgan tanlov natijalariga ko‘ra, DXX akademiyasi jamoasi “Eng yaxshi kitobxon”, IIV akademiyasi jamoasi “Topqir kitobxon”, Qurolli kuchlar akademiyasi jamoasi “Ijodkor kitobxon”, FVV akademiyasi jamoasi “Ilg‘or kitobxon”, Jamoat xavfsizligi universiteti jamoasi “Targ‘ibotchi kitobxon” Bojxona instituti jamoasi “Zukko kitobxon”, Mudofaa vazirligi Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa harbiy instituti jamoasi “Namunali kitobxon”, Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik muhandislik bilim yurti jamoasi “Harbiy kitobxon” nominatsiyalari bo‘yicha g‘oliblikni qo‘lga kiritdilar. Yakunda tashkilotchilar tomonidan g‘olib va sovrindor jamoalar hamda faol qatnashgan kursantlar FVV Akademiyasi boshlig‘ining diplom, tashakurnoma va qimmatbaho sovg‘alar bilan tantanali taqdirlandilar.
     Muxtasar qilib aytganda, yoshlarni ma’naviy, har tomonlama yetuk va intelektual jihatdan tarbiyalash uchun o‘qishni ommalashtirish, kitobga muhabbatni kuchaytirish zarur. Zero, kitobxonlik bugungi kunda olib borilayotgan yoshlar sityosatining asosiy bir omillaridan bo‘lib, u yoshlarni bo‘sh vaqtlarini mazmunli va samarali o‘tkazishga, jumladan ma’naviy-ma’rifiy, axloqiy-ruhiy, vatanparvarlik va mehnatsevarlik tuyg‘ularini rivojlantirishga, va eng asosiysi kelajakda to‘g‘ri yo‘lni tanlashga va ular o‘rtasida huquqbuzarliklarni qisqartirishga xizmat qiladi.

Farhodjon XOJAYEV,
FVV Akademiyasi katta
o‘qituvchisi, mayor.
Diyorbek BERDIYEV,
kursant.