O‘zbekiston Respublikasi Bosh Prokuratura Akademiyasi 1 yoshda

16-17 may kunlari Bosh prokuratura Akademiyasi tomonidan «Huquqni muhofaza qilish sohasida ilmiy va ta’lim salohiyatini oshirish: mavjud tendensiyalar va istiqbollar» mavzusidagi xalqaro konferensiya o‘tkazildi.

Anjuman plenar va to‘rtta tematik sessiyalar shaklida tashkillashtirilib, unda hamkorlikda ilmiy salohiyatni rivojlantirish, huquqiy kadrlarni tayyorlashda zamonaviy texnologiyalardan foydalanish, korrupsiyaga qarshi kurash va jinoyatchilikning oldini olish sohasidagi ilmiy va ma’rifiy faoliyati hamda o‘quv jarayonini sifatli boshqarish masalalari muhoqama qilindi.

Tadbirda ilm-fan va ta’lim sohasidagi 50 dan ziyod xorijiy ekspertlar, shuningdek 21 davlat va 11 xalqaro tashkilotlarning amaliyotchilari ishtirok etishdi.

Xususan, konferensiyada AQShning FTB Akademiyasi, Avstriya Adliya vazirligining sudya va prokurorlarni tayyorlash va o‘qitish Departamenti, Koreya Respublikasining Adliya instituti, Koreya huquqshunoslik instituti, Malayziya korrupsiyaga qarshi kurash akademiyasi, Korrupsiyaga qarshi kurash xalqaro akademiyasi, Belarus Bosh prokuraturasining qonuniylik va huquqiy tartibni kuchaytirish muammolari ilmiy-amaliy markazi, Ozarbayjon Bosh prokuraturasining ilmiy-o‘quv markazi, Ukraina prokuraturasining Milliy akademiyasi, Moldovaning korrupsiyaga qarshi kurashish milliy markazi, Rossiya Bosh prokuraturasi universiteti, AQShning Federal sud markazi, Fransiya magistratura milliy maktabi, Qirg‘iziston Respublikasi Bosh prokuraturasining prokuror xodimlarini kasbiy tayyorlash markazi, shuningdek Bostonhuquq maktabi, M.Lomonosov nomidagi MDU Oliy maktabi, Kil universiteti (GFR), Kembridj, Lund (Shvesiya), Nagoya, Xelsinki universitetlari, XX va DBRAning Sibir boshqaruv instituti hamda boshqa xorijiy muassasa va tashkilotlarning rahbarlari va mas’ul xodimlari qatnashishdi.

Konferensiya dasturiga muvofiq, amaliy mashg‘ulot va masofaviy ta’lim uchun barcha zarur sharoitlari mavjud bo‘lgan Bosh prokuratura Akademiyasining yangi binosining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Ikki tomonlama uchrashuvlar yakunida Xalqaro (IACA) va Malayziya (MASA) korrupsiyaga qarshi kurashish akademiyalari, Turkiya Adliya akademiyasi, Ukraina prokuraturasining Milliy akademiyasi, Qirg‘iziston Respublikasi Bosh prokuraturasining prokuror xodimlarini kasbiy tayyorlash markazlari bilan hamkorlik to‘g‘risida kelishuvlarga erishildi.