Kursantlar Samarqandda

Mamlakatimizda “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!” shiori ostida ta’lim muassasalari o‘quvchilari uchun turizm-ekskursiya turlarini tashkil etish belgilangan.

Shunga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Yong‘in xavfsizligi institutida o‘quv mashg‘ulotlarini a’lo baholarga o‘zlashtirayotgan hamda o‘quv yurti miqyosida o‘tkazilgan “Eng yaxshi kitobxon” ko‘rik-tanlovida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan kursantlarni rag‘batlantirish maqsadida ular uchun Samarqandga sayohat uyushtirildi.

Sayohat taassurotlari haqida institut matbuot xizmati xabariga ko‘ra, kursantlar Samarqand viloyatidagi tarixiy obidalar, ulug‘ allomalar nomlari bilan bog‘liq muqaddas ziyoratgoh va qadamjolarda bo‘lgan.

– Kursantlar Imom Buxoriy ziyoratgohida bo‘lib, muzey hamda Hadis ilmi maktabi bilan tanishdi, – dedi institutning tarbiyaviy ishlar bo‘limi xodimi, leytenant Zavqiddin Pardaev. – Shohi zinda hamda Registon maydonidagi Ulug‘bek, Sherdor va Tillakori madrasalari, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov qabrini, Xo‘ja Doniyor maqbarasi va Go‘ri Amir maqbarasini ziyorat qildi. O‘z davlatining, xalqining, ajdodlarining tarixini bilmay turib inson o‘zini anglay olmaydi. Shu bois ajdodlarimizning boy merosi, buyuk tarixi, muqaddas qadamjolar bilan yaqindan tanishish har bir yoshning ma’naviyatini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.