AKADEMIYA JAMOASI XAYRIYA HASHARLARINI UYUSHQOQLIK BILAN O‘TKAZMOQA

AKADEMIYA JAMOASI XAYRIYA HASHARLARINI UYUSHQOQLIK BILAN O‘TKAZMOQA

        Ona diyorimizga go‘zallik fasli bo‘lmish bahor iliq nafasi ila tabiatni uyg‘otib, o‘zining yoqimli tafti bilan kirib keldi. Qalbi go‘zallikka, ezgulikka oshno inson borki, bayramlar faslida tevarak-atrofini obod qilishga shoshadi. Zero, ozodalik, poklik, saranjomlik bor joyda doimo baraka va ko‘rkamlik bo‘ladi. Davlatimiz rahbarining joriy yil 4-martdagi “2024-yilgi Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida, respublikamizning barcha viloyat, tuman va shaharlar, mahalla va ko‘chalarda obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlariga qaratilgan umumxalq hasharlari o‘tkazilmoqda. Shu bilan birga mazkur xayrli ishlar zamirida ham “Yashil makon” umummilliy loyihasida belgilangan tadbirlarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan.
   Ona zamin va tabiatga mehr-muhabbat, saxovat va muruvvat, bunyodkorlik va olijanoblik kabi xalqimizga xos ezgu fazilatlar eng qadimiy bayramimiz bo‘lgan Navro‘z timsolida asrlar davomida ulug‘lanib, sayqal topib kelmoqda. Ayniqsa, bugun, jamiyatimizda inson qadri yuksalib, bebaho boyligimiz – yerimiz, suvimiz va tabiatimizga, shu boradagi necha ming yillik an’analarimizga e’tibor kuchayib borayotgan Yangi O‘zbekiston sharoitida bu bayramning hayotimizdagi o‘rni va ahamiyati yanada ortib bormoqda.
    Jumladan, Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasi rahbariyati tashabbusi bilan Akademiyaning bir guruh harbiy xizmatchilari va kursantlari ishtirokida, 2024-yilning 16-17-mart kunlari Toshkent shahri Sergeli va Yangihayot tumanlari mahallalarida, ko‘cha va guzarlarda, xiyobonlarda, Akademiya va Yangihayot tumanida joylashgan “Boychechak” nomidagi 353-sonli va “Baxtli bolajon” nomidagi 354-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida 100 tup pavlovniya manzarali daraxtlari va 20 tup mevali daraxtlari ekildi, mavjud ko‘chatlarni oqlash va butash, yerlarni yumshatish va chopish bilan birgalikda mazkur hududlarda turli uyum bo‘lib yotgan chiqindilardan tozalash ishlari amalga oshirildi.
    Shuningdek, Akademiya jamoasi tomonidan mana shunday ezgu maqsadlarda qaratilgan “Obod va fayzli mahalla – yurt ko‘rki” shiori ostidagi obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish, mehr-saxovat ko‘rsatish borasidagi umumxalq xayriya hasharlari ko‘tarinki ruhda, uyushqoqlik bilan o‘tkazilmoqda.
     Shuni alohida ta’kidlash joizki, ayni ulug‘ kunlarda inson sha’nini ulug‘lash, yaxshilik va mehru-saxovat kabi fazilatlar mujassam. Oila va mahallalarda mehr-oqibat, o‘zaro hurmat muhitini mustahkamlash dolzarb ahamiyat kasb etadi. 

Akademiya axborot xizmati.