MEMORANDUM DOIRASIDAGI EKSKURSIYA

MEMORANDUM DOIRASIDAGI EKSKURSIYA

        O‘zbekiston Respublikasi FVV Akademiyasi bilan O‘zbekiston Respublikasi Yadro fizikasi instituti o‘rtasida imzolangan memorandumning ijrosini ta’minlash maqsadida, kuni kecha O‘zbekiston Respublikasi FVV Akademiyasi Umumkasbiy va umumilmiy fanlar kafedrasi katta o‘qituvchisi, mayor F.M.Xojayev rahbarligida 2-batalyon 205-206-guruh kursantlari bilan birgalikda ekskursiya tashkillashtirildi.
     Ekskursiya davomida, Institut ilmiy kotibi, fizika-matematika fanlari nomzodi Muxtarov Odiljon Fozilovich tomonidan kursantlarga Institut oldi binosi ichkarisida joylashgan ko‘rgazmali stendlar orqali O‘zbekiston Respublikasi Yadro fizikasi instituti Yadro fizikasi, qattiq jismlar radiatsion fizikasi, materialshunoslik, aktivatsion tahlil, radiokimyo, ilmiy asbobsozlik, informatsion texnologiyalar yo‘nalishi bo‘yicha fundamental va amaliy tadqiqotlar olib boruvchi mamlakatimizda yagona ilmiy-tadqiqot instituti ekanligi, institut tarixi, faxriy direktorlari, akademik-olimlari va ularning olib borgan ilmiy-tadqiqot ishlari hamda hozirgi kunda institut faoliyatini asosiy bosqichlari, akademik-olimlarning ilmiy tadqiqot ishlarini amaliyotga keng tadbiq qilinayotganligi to‘g‘risida batafsil ma’lumotlar berildi.
     Shu bilan bir qatorda Institutning gamma nurlantirish qurilmasi, maxsus kimyoviy suv tozalash markazi, Neytron generator NG-150 – qurilmasi, Respublika Markaziy Izotoplar Laboratoriyasi, U-150-II va U-115 tezlatgichlari, “Elektronika U-003” elektron tezlatgichlari xususida ham ma’lumotlar berildi. Shuningdek, kursantlarga Institutning VVR-SM tadqiqot reaktorining tuzilishi, ishlash prinsiplari va amaliyotga keng qo‘llanilayotgan tadbiqlari xususida to‘xtalib, ushbu reaktor qurilmasi joylashgan maxsus o‘ta muhim toifalangan binodagi VVR-SM tadqiqot reaktori qurilmasini maketi orqali mutaxassis muhandislari tomonidan ma’lumotlar berildi va ularning mazkur o‘ta muhim toifalangan obyektda favqulodda vaziyatlarda harakatlanish evakuatsiya sxemalari va radiatsion qurilmalarini insonlarga yoki xodimlarga ta’sir darajalari yuzasidan bergan savollariga atroflicha javoblar berildi.
    Shu bilan birga ekskursiya davomida Institutning Fuqaro muhofazasi bo‘yicha mas’ul xodimlari Favqulodda holatlarda xodimlarning maxsus yashirinish joylarining holatlari, tegishli hujjatlari bilan yaqindan tanishtirdi. Shuni alohida ta’kidlash joizki, memorandum doirasida tashkil etilgan ekskursiya kursantlarni Institutda bir qator akademik-olimlar hamda yosh ilmiy xodimlarning olib borayotgan zamonaviy innovatsion ilmiy tadqiqot ishlari va ilmiy ishlanmalariga bo‘lgan qiziqishlarini yanada ortishiga sabab bo‘ldi va ularda katta taassurotlar qoldirdi.


Elyor VASSIYEV,
Akademiya katta
o'qituvchisi, mayor.