OBOD VA FAYZLI MAHALLA – YURT KO‘RKI

OBOD VA FAYZLI MAHALLA – YURT KO‘RKI

     Ona diyorimizga go‘zallik fasli bo‘lmish bahor iliq nafasi ila tabiatni uyg‘otib, o‘zining yoqimli tafti bilan kirib keldi. Qalbi go‘zallikka, ezgulikka oshno inson borki, bayramlar faslida tevarak-atrofini obod qilishga shoshadi. Zero, ozodalik, poklik, saranjomlik bor joyda doimo baraka va ko‘rkamlik bo‘ladi.
    Davlatimiz rahbarining joriy yil 4-martdagi “2024-yilgi Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida, respublikamizning barcha viloyat, tuman va shaharlar, mahalla va ko‘chalarda obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlariga qaratilgan umumxalq hasharlari o‘tkazilmoqda. Shu bilan birga mazkur xayrli ishlar zamirida ham “Yashil makon” umummilliy loyihasida belgilangan tadbirlarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan.
    Ona zamin va tabiatga mehr-muhabbat, saxovat va muruvvat, bunyodkorlik va olijanoblik kabi xalqimizga xos ezgu fazilatlar eng qadimiy bayramimiz bo‘lgan Navro‘z timsolida asrlar davomida ulug‘lanib, sayqal topib kelmoqda. Ayniqsa, bugun, jamiyatimizda inson qadri yuksalib, bebaho boyligimiz – yerimiz, suvimiz va tabiatimizga, shu boradagi necha ming yillik an’analarimizga e’tibor kuchayib borayotgan Yangi O‘zbekiston sharoitida bu bayramning hayotimizdagi o‘rni va ahamiyati yanada ortib bormoqda.
     Jumladan, Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasi rahbariyati tashabbusi bilan Akademiyaning bir guruh harbiy xizmatchilari va kursantlari ishtirokida, joriy yilning 16-mart kuni Toshkent shahri Yangihayot tumani mahallalarida, Akademiya hamda Yangihayot tumanida joylashgan “Boychechak” nomidagi 353-davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti ham ana shunday ezgu maqsadlarda qaratilgan “Obod va fayzli mahalla – yurt ko‘rki” shiori ostidagi obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish, mehr-saxovat ko‘rsatish borasidagi umumxalq xayriya hashari ko‘tarinki ruhda, uyushqoqlik bilan o‘tkazildi. Akademiya jamoasi tomonidan tizimli ravishda mazkur tuman mahallalarida, ko‘cha va guzarlar, xiyobonlar, qabriston va ziyoratgohlarda “Obod xonadon – obod ko‘cha – obod mahalla” tamoyillari asosidagi keng ko‘lamli savobli va xayrli ishlar davom ettirilmoqda.
    Shuni alohida ta’kidlash joizki, ayni ulug‘ kunlarda inson sha’nini ulug‘lash, yaxshilik va mehru-saxovat kabi fazilatlar mujassam. Oila va mahallalarda mehr-oqibat, o‘zaro hurmat muhitini mustahkamlash dolzarb ahamiyat kasb etadi.

Farhodjon XOJAYEV,
Akademiya katta
o'qituvchisi, mayor.