YONG‘IN XAVFSIZLIGI INSTITUTI BITIRUVCHILARIGA DIPLOM VA LEYTENANT UNVONLARI BERILDI

YONG‘IN XAVFSIZLIGI INSTITUTI BITIRUVCHILARIGA DIPLOM VA LEYTENANT UNVONLARI BERILDI

    Joriy yilning 15 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi Yong‘in xavfsizligi institutida o‘tkazilgan tantanali marosimda oliy ma’lumot to‘g‘risidagi diplom topshirildi va leytenant unvoni berildi.

      Unda O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi rahbariyati, jamoatchilik vakillari, bitiruvchilarning ota-onalari, yaqinlari ishtirok etdi.

    Tadbirda so‘zga chiqqan Favqulodda vaziyatlar vaziri, general-leytenant Tursunxon Xudayberganov, Institut boshlig‘ining o‘rinbosari polkovnik Dilshod Toxtamuratov o‘z nutqlarida O‘zbekiston Respublikasining «Ta’lim to‘g‘risida»gi va «Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida»gi qonunlari, Davlatimiz Rahbari tomonidan sohaga oid qabul qilingan Farmon va qarorlari har tomonlama yetuk, mas’uliyat va burchni chuqur his qiladigan hamda o‘z kasbini sevib ardoqlaydigan oliy ma’lumotli mutaxassis kadrlarni tayyorlashda muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qilayotganligini ta’kidladilar.

     So‘nggi yillarda ta’lim muassasasining ilmiy salohiyatini mustahkamlash, ilm-fanning amaliyot bilan integratsiyalashuvini kuchaytirish, professor-o‘qituvchilarning ilmiy-tadqiqot faoliyati samaradorligi va natijadorligini oshirish, iqtidorli yoshlarni ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanishga keng jalb etishga alohida e’tibor qaratilayotganini e’tirof etdi.

     Ayni paytda, davlatimiz Rahbarining 2019 yil 10 apreldagi «O‘zbekiston Respublikasida favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bartaraf etish hamda yong‘in xavfsizligini ta’minlashning sifat jihatidan yangi tizimini joriy etish to‘g‘risida»gi Farmoni asosida Institut bazasida Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasining tashkil etilayotganligi qayd etildi.

  Shuningdek, mamlakatimizda yoshlarning har tomonlama chuqur bilim olishlari uchun barcha sharoit va imkoniyatlar yaratilayotganligini, ijtimoiy, ma’naviy-ma’rifiy sohalardagi ishlarni yangi tizim asosida yo‘lga qo‘yish hamda yoshlarning ma’naviy immunitetini kuchaytirish bo‘yicha muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tomonidan ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbusni qaror toptirishga qaratilgan keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilayotganligi haqida so‘z yuritdilar.

     Tadbirda bitiruvchilarga oliy ma’lumot to‘g‘risidagi diplom topshirildi va leytenant unvoni berildi.

    Tantanali marosimda so‘zga chiqqan bitiruvchilar va ularning ota-onalari o‘zlarining his-hayajonga to‘la qalblaridan otilib chiqayotgan tilaklarini hamda minnatdorchiliklarini izhor etishdi.

      – Saf maydonida harbiy liboslari o‘zlariga yarashib turgan navqiron yoshlarimizni ko‘rib, benihoya ko‘zimiz quvnaydi. Bugun farzandlarimizni ham “leytenant” unvoniga, ham oliy ma’lumotga ega bo‘lganligini ko‘rish har qanday ota-onani to‘lqinlantirishi, ko‘zlarini sevinch yoshlariga to‘ldirishi tabiiy.

    Shu bilan birga jonajon Vatanimiz, muhtaram Prezidentimiz va xalqimizga sadoqat bilan xizmat qiladigan, o‘z kasbini sevadigan mag‘rur fidoyi yoshlar bo‘lib yetishganliklaridan faxrlanamiz, – deydi bitiruvchi kursant onasi Dilfuza Zayniddinova.

    – Bugun biz, yosh ofitserlarning quvonchimiz cheksiz, – deydi bitiruvchi Rustam Axmedov. – Bizni voyaga yetkazgan ota-onalarimizga, ta’lim-tarbiya bergan ustozlarimizga, barcha shart-sharoitlarni yaratib bergan muhtaram Prezidentimizga samimiy minnatdorchiligimizni bildiramiz.

    Ota-onam, oilamdagilar bugungi yutuqlarimdan xursand bo‘ldi. Endilikda Vatanimiz tinchligini saqlash, xalqimizning tinch-osuda hayotini asrash, el-yurtimizning moddiy boyliklarini himoya qilish yo‘lida bor kuch va imkoniyatimni, olgan bilimlarimni ishga solib, sadoqat va shijoat bilan xizmat qilamiz.

    – O‘g‘limning hayotidagi yana bir quvonchli kunida ishtirok etish uchun yetib keldim, – deydi bitiruvchi Shukurqulov Nizomiddinning otasi, Navoiy viloyatining Navbahor tumanidan kelgan Farhod Hakimov faxrlanib. – Turmush o‘rtog‘im Sayyoraxon bilan to‘rt farzandni tarbiyalab voyaga yetkazdik. Farzandlarim orasida Nizomiddin harbiy xizmatchi bo‘lishga ahd qildi. O‘g‘lim sharafli kasbni tanladi. Mana bugun sohaga munosib ofitser sifatida kamolga yetdi. Bugun quvonchimizning cheki yo‘q. Jonajon Vatanimizga mana shunday malakali kadrlarni tayyorlab berayotgan oliy dargoh professor-o‘qituvchilariga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman.

   – Bugun farzandim Behruz Jalolov ofitserlik unvonini olib, mustaqil hayotga yo‘l olayotganidan boshim ko‘kka yetdi, – deydi Zebo Muqimova. Turmush o‘rtog‘im ham shu sohada mehnat qilayotganligi uchun bizning oilamizda ham ushbu kasbga xos bo‘lgan muhit shakllangan, bolalarim shu ruhda voyaga yetgan.

   Ishonamanki, farzandlarim otasi ishini munosib davom ettiradi. Jonajon Vatanimiz va xalqimiz xizmatida bo‘lib, mustaqil yurt osoyishtaligini ta’minlashga bor kuch va bilimlarini safarbar etadilar.

   – Institutning professor-o‘qituvchilar tomonidan o‘rgatilgan sohaning sir-asrorlarini yanada puxta va mukammal egaladik. O‘qish davomida orttirgan bilim va tajribalarimizni joylarda xizmat olib borayotgan yosh xodim va xizmatchilarning kasbiy mahoratlarini, intelektual salohiyatlarini, ishchanlik sifatlarini sezilarli darajada oshirishga, Vatanimiz tinchligi va osoyishtaligi hamda barqaror taraqqiyoti yo‘lida bor kuch va imkoniyatlarimizni safarbar etamiz, – deydi Institutning Rahbar kadrlar tayyorlash Oliy kursi bitiruvchisi, podpolkovnik Muhiddin Qo‘ldoshev.

  – O‘tgan bir yil davomida biz tinglovchilar zamonaviy ta’lim tizimining eng so‘nggi yutuqlaridan foydalangan holda o‘z bilim va ko‘nikmalarimizni, boshqaruv mahoratlarimizni yanada takomillashtirdik, – deydi Institutning Rahbar kadrlarni tayyorlash Oliy kursi bitiruvchisi, mayor Hikmatilla Bo‘taboev.

   – Endilikda egallagan bilim va o‘zlashtirgan ko‘nikmalarimizga tayangan holda yanada kuch-g‘ayrat bilan ishlashga va zimmamizga yuklatilgan vazifalarni sifatli va samarali ado etishga harakat qilamiz.
Yong‘in xavfsizligi instituti matbuot xizmati