KURSANTLAR XALQARO VA RESPUBLIKA ANJUMANLARIDA TAQDIMOTLAR BILAN ISHTIROK ETISHMOQDA

Joriy yilning 26-may va 30-may kunlari Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasi Tillar kafedrasi boshligʻi lmvb., podpolkovnik M.Badalbayeva rahbarligida Akademiyaning bir guruh kursantlari Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli kuchlari Akademiyasi va Chirchiq oliy tank qoʻmondonlik muhandislik bilim yurtlarida oʻtkazilgan harbiy sohada chet tillarni oʻqitishning va oʻrganishning dolzarb muammolariga bagʻishlangan ilmiy-amaliy anjumanlarda oʻz taqdimotlari bilan faol ishtirok etdilar. Mazkur anjumanlarda 12 ta davlatlarning harbiy soha mutaxassis vakillari, respublikamizning turli harbiy hamda boshqa tashkilotlar va oliy ta’lim muassasalari yetakchi tilshunoslari qatnashdilar. Anjumanlar oʻtkazilishidan maqsad, hozirgi kunda xorijiy tillarni turli sohalarda oʻqitishda eng soʻnggi fan-texnika yutuqlarini, pedtexnologiyalarni joriy qilinishi, xorijiy tillarni oʻqitish va oʻrganishdagi kamchilik va muammolarni muhokama qilish boʻldi. Anjumanlar doirasida soʻzga chiqqan ma’ruzachilar harbiy soha mutaxassislarini tayyorlashda, ularni kasbiy yoʻnaltirishda, aynan, xorijiy tillarni oʻqitish va oʻrgatish jarayonlarida yuzaga kelayotgan ayrim dolzarb muammolar yuzasidan fikr-mulohazalarini boʻlishdilar. Jumladan, nofilologik oliy oʻquv yurtlarida ishlash jarayonlarida turli fanlarning mazmuniga e’tiborli boʻlish va kasbiy xorijiy tillarni oʻqitish jarayonida ushbu mutaxassislik fan majmualarida aks etgan fanlarning bogʻliqligini hisobga olish, tillarni professional muloqot bilan shugʻullanadigan mutaxassislarning tadqiqot izlanish natijalariga tayanib oʻrgatish, boʻlgʻusi yosh kadrlarning gaplarni grammatik tuzilishi jihatidan toʻgʻri ifoda etishlari uchun hamda ularning soʻz boyligini oshirishda zarur kasbiy soʻzlar va atamalar bilan doimiy ishlashlari lozimligi haqida fikrlar yuritildi. Ma’ruzachilar tomonidan barcha kamchiliklar va muammolar yechimi yuzasidan bildirilgan takliflarni anjumanlar doirasida chop ettirilishi rejalashtirilgan toʻplamlarga kiritilishi toʻgʻrisida kelishib olindi. Anjumanlar yakunida tashkilotchi oliy ta’lim muassasalari rahbariyati tomonidan ma’ruzachilarga tashakkurnomalar va esdalik sovgʻalari topshirildi. Bahs-munozaralarga boy tarzda oʻtkazilgan ushbu ilmiy-amaliy anjumanlar koʻpchilik ishtirokchilarda chuqur taassurot qoldirdi. Ayniqsa, Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasi kursantlarining tilshunos olim va mutaxassislar qatorida oʻzgacha taqdimotlari bilan chiqishlari anjuman qatnashchilarida katta qiziqish uygʻotib, barchaning e’tiboriga tushdi. Bunday anjumanlar, seminar va davra suhbatlarida yosh kursantlarning ham munosib ishtiroki doimo yuksak e’tiroflarlarga sazovar boʻlib, koʻpchilik tashkilotchilar va tashrif buyurgan boshqa ta’lim muassasalari ishtirokchi vakillari tomonidan ijobiy baholanayotgani quvonarli. Prezidentimizning yoshlar ta’lim va tarbiyasiga davlat siyosati darajasida jiddiy e’tibor qaratish maqsadida ishlab chiqilgan besh tashabbusi doirasida belgilab berilgan vazifalarni amalga oshirish bilan bogʻliq 2023-yilni bejizga “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili” deb e’lon qilmagani, buning zamirida har bir soha mutaxassisini tayyorlashda rivojlangan davlatlar qatorida Oʻzbekistonda ham ta’lim sifatini yuqori bosqichga olib chiqish, sohaning yetuk va professional kadrlarini tayyorlash jarayonlarida esa, eng avvalo, ta’lim-tarbiya masalalariga jiddiy e’tibor qaratib, pedagoglarimizning kasbiy mahoratini talab darajasida oshirib borish ishlarini yanada samarali yoʻlga qoʻyish imkoniyatini bermoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi FVV Akademiyasi Matbuot xizmati