PAYSHANBA – HUQUQBUZARLIKLAR PROFILAKTIKASI KUNI

Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasi, Toshkent harbiy prokuraturasi hamda Toshkent harbiy sudi tomonidan tasdiqlangan chora-tadbirlar rejasiga asosan, “Payshanba – Huquqbuzarliklar profilaktikasi kuni” munosabati bilan huquqni muhofaza qiluvchi organlarning mas’ul xodimlari ishtirokida muntazam ravishda profilaktik tadbirlar o‘tkazilib kelinmoqda. Navbadagi ana shunday tadbirlardan biri 2023-yilning 1-iyun kuni Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasi harbiy xizmatchi, xizmatchi hamda kunsantlar ishtirokida “Mening Akademiyam korrupsiyadan holi hudud”, “Jaholatga qarshi ma’rifat” mavzularida tashkil etildi. Tadbirga O‘zbekiston Respublikasi Harbiy Prokurorining katta yordamchisi adliya podpolkovnigi Salomov Ilxom Islamovich, Jinoyat ishlari bo‘yicha Yangihayot tumani sudining sudyasi Ikrom Rajabov, O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi mas’ul xodimi Qudratov Muhammadali Hamroqulovichlar ma’ruzachi sifatida taklif etilib, o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etishdi. Ma’ruzachilar mamlakatimizda korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi murosasiz kurashishning ilg‘or xalqaro standartlarga asoslangan tizimini joriy etish bo‘yicha izchil choralar amalga oshirilayotgani, davlat organlari va tashkilotlarining faoliyatida ochiqlik, oshkoralik va shaffoflikni ta’minlash hamda mansabdor shaxslarning aholi oldidagi hisobdorligini yo‘lga qo‘yish orqali davlat boshqaruvida samarali va ta’sirchan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish uchun zarur sharoitlar yaratilayotgani, Prezidentimiz so‘nggi yillarda tobora kuchayib, dunyo ahlini tashvishga solayotgan terrorizm va ekstremizm tahdidlari mohiyatini jaholat va murosasizlik tashkil etishini qayd etib, bunday o‘ta xavfli illatga qarshi kuch ishlatish yo‘li bilan emas, balki boshqa omillar bilan kurashish va ildizini qirqishga, birinchi navbatda, yoshlarning ong va tafakkurini ma’rifat asosida shakllantirish orqali kuchli immunitet yaratish zarurligiga e’tibor qaratayotganliklari xususida atroflicha to‘xtalib o‘tishdi. Tadbir ishtirokchilari ma’ruzachilarga savollar bilan murojaat etishib, savol va javoblar, munozaralar bo‘lib o‘tdi hamda bildirilgan takliflar bo‘yicha o‘zaro fikr almashdilar. Harbiy xizmatchi va kursantlarning bu boradagi bilimlari yanada mustahkamlandi. Harbiy xizmatchilar hamda davlat va nodavlat tashkilotlarining o‘zaro hamkorligi ijobiy baholanib, kelgusida bu boradagi hamkorlikni yanada kengaytirish chora-tadbirlari belgilab olindi.

Tarbiyaviy mafkuraviy ishlar bo‘limi ofitseri katta leytenant Firdavs Karimov