OLIY HARBIY TA’LIM MUASSASALARIDA XORIJIY TILLARNI O‘QITISHDA KOMMUNIKATIV KOMPETENSIYASI TENDENSIYALARI

OLIY HARBIY TA’LIM MUASSASALARIDA XORIJIY TILLARNI O‘QITISHDA KOMMUNIKATIV KOMPETENSIYASI TENDENSIYALARI

        Joriy yilning 30-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik muhandislik bilim yurtida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 5-iyundagi “Oliy ta’lim muassasalarida ta’lim sifatini oshirish va ularning mamlakatda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarda faol ishtirokini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-3775-son qarori va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 19-maydagi “Xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirishni samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 312-sonli qarorining ijrosi doirasida “Oliy harbiy ta’lim muassasalarida xorijiy tillarni o‘qitishda kommunikativ kompetensiyasi tendensiyalari” mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi tashkil etildi.
      Konferensiyaning asosiy ilmiy yo‘nalishlari va maqsadlari – 1. Oliy harbiy ta’lim muassasalarida xorijiy tillarni o‘qitishda innovatsion yondashuvlar mazmuniga; 2. Xorijiy tillarni o‘qitish jarayonida kommunikativ kompetensiyasi tendensiyalarining rivojlantirish bosqichlarini hayotga tadbiq etilishiga; 3. Nofilologik oliy o‘quv yurtlarida xorijiy tillarni o‘qitish jarayonida eshitish, o‘qish, yozish va gapirish ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratilgan interfaol metodlar, ularni amaliyotga qo‘llashda duch kelinadigan mavjud muammolarni o‘rganishga va ularning yechimlarini topishga qaratildi.
      Mazkur konferensiyada Chirchiq oliy tank muhandislik qo‘mondonlik bilim yurti “Tillar” kafedrasi professor-o‘qituvchilari va kursantlari, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi mutaxassis vakillari, “Science and innovation” ilmiy jurnali mutaxassis vakillari, Qori Niyoziy nomidagi pedagogika fanlari ilmiy-tadqiqot instituti mutaxassislari, O‘zbekiston davlat jahon tillari, Toshkent amaliy fanlar universitetlari tilshunos olimlari, Ichki ishlar vazirligi va Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyalari professor-o‘qituvchilari, kursantlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashdilar. Yuqorida sanab o‘tilgan ta’lim tashkilotlaridan 10 nafardan ziyod ma’ruzachilar tayyorlab kelgan o‘z ma’ruza va taqdimotlari bilan so‘zga chiqdilar.
      Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasining boshqa harbiy oliy ta’lim tashkilotlari bilan ilmiy-uslubiy va innovatsion ta’lim yo‘nalishlarida aloqalari yillar mobaynida shakllanib kelayotgani doirasida O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik muhandislik bilim yurti bilan ham hamkorlik masalalariga alohida e’tibor qaratilib kelinmoqda. Ikki harbiy oliy ta’lim tashkiloti o‘rtasidagi memorandumda belgilangan maqsad va vazifalarni amalda ijrosini ta’minlash maqsadida, respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi doirasida FVV Akademiyasi katta o‘qituvchisi podpolkovnik Maloxat Badalbayeva “Harbiy oliy ta’lim tashkilotlarida til o‘qitish va o‘rgatishdagi mavjud muammolar va ularning yechimlari: amaliyotga joriy etish uchun takliflar” mavzusida ma’ruza bilan hamda Akademiyaning 4-batalyon kursantlari o‘zlari tomonidan ingliz tilida tayyorlangan “Favqulodda vaziyatlar va ularning oqibatlarini aholiga yetkazishning muhimliligi” mavzusida taqdimotli va videorolikli chiqishlari bilan munosib ishtirok etishdi. Yakunda tashkilotchilar tomonidan, faol ishtirok etgan hamkor oliy ta’lim tashkilotlari ma’ruzachi professor-o‘qituvchilariga tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari topshirildi.

Akademiya axborot xizmati.