
MUDOM E’ZOZDASIZ AZIZ USTOZLAR!
Dunyoda har-xil so‘zlar mavjud. Hamda har-xil kasb egalari ham. Men shunday kasbni bilamanki, juda ham mashaqqatli o‘z ishida talabchan, abjir, chaqqon bo‘lishni talab qiladi. Bu so‘zni eshitganda yuraklar sog‘inch hissini tuyadi, qo‘msaydi va o‘sha insonga intiladi. Bu inson esa “Ustozdir”. Shoir tili bilan aytganda, Aytsam, bahor yashar ekan kuz uchun, Yashayapmiz boldek shirin so‘z uchun, Navoiy ham otdan tushgan siz uchun, Milatimiz qarog‘i siz ustozlar, Ma’rifatning chirog‘i siz ustozlar! Dunyoda shunday bir ulug‘ kasb borki, boshqa barcha kasblar uning negizida shakllanadi va taraqqiy etadi.
Ustoz va murabbiy! Biz barchamiz kasbu korimizdan qat’iy nazar, bu so‘zlarni eshitganimizda ko‘nglimizdan iliq fikrlaru yorqin xotiralar o‘tadi. Shu tobda ko‘z o‘ngimizda qo‘limizga qalam tutqazib, endigina ilm olamiga yetaklagan birinchi ustozlarimiz gavdalanadi. Shu bilan birga, qalbimizda unutilmas iz qoldirgan qadrdon maktabimiz va uning bag‘rida kechgan beg‘ubor yoshlik yillarimizni, bizga bilim bergan, mehribon o‘qituvchi va murabbiylarimizni katta hurmat va ehtirom bilan eslaymiz. Haqiqatan ham, har bir murg‘ak bolani o‘z farzandidek ardoqlab, yosh avlod tarbiyasi uchun ko‘z nuri, qalb qo‘ri, butun borlig‘ini baxsh etadigan o‘qituvchi va murabbiylar tom ma’noda fidoiy kasb egalaridir. Shu o‘rinda ma’rifatparvar allomamiz Abdulla Avloniyni «Har bir muallimning saodati, davlatimizning tinchi va rohati yoshlarning yaxshi tarbiyasiga bog‘liqdir», – degan so‘zlari beixtiyor ko‘z o‘ngimizda gavdalanadi. Darhaqiqat, biz yosh avlodni ma’nan yetuk, tafakkur olami keng va bilimli insonlar etib tarbiyalayotgan o‘qituvchi-murabbiylar timsolida ertangi kunimizning porloq kelajagini, jonajon Vatanimiz taraqqiyoti uchun sidqidildan xizmat qiluvchi o‘g‘il-qizlarimiz baxtini ko‘ramiz. Yuragi g‘ayrat-shijoatga to‘la, yoshlar tarbiyasi yo‘lidagi mas’uliyatli vazifani o‘z zimmalariga olgan aziz, mehridaryo ustoz-murabbiylarimiz doimo e’zozda. Albatta bizni shunday baxtli kunlarga yetishishimizda yoshligimizdan ta’lim-tarbiya bergan ustozlarimizni xizmatlari beqiyos!
Dunyoda ustozning mehnatidan og‘ir mehnat yo‘q. Jamiyatning buguni va kelajagi, uning madaniy-ma’rifiy va ma’naviy salohiyati ta’lim tizimining qay darajada rivojlanganligi bilan belgilanadi. Ta’lim-tarbiya tizimidagi islohotlarning muvaffaqiyati ko‘p jihatdan o‘qituvchi va murabbiylarga bog‘liq. Muhtaram Prezidentimiz ta’kidlaganidek: «Biz bugun zamonaviy bilim va kasb-hunarlar, xorijiy tillarni puxta egallab, katta umid va ishonch bilan hayotga qadam qo‘yayotgan, ertangi kunimizning hal qiluvchi kuchi bo‘lgan ming-minglab farzandlarimiz kamolida o‘qituvchi va murabbiylarimizning beqiyos hissasi borligini yaxshi bilamiz va sizlarning bu ulug‘ xizmatingizni yuksak qadrlaymiz».
Ota-bobolarimiz Vatan, ota-ona va ustoz tushunchalarini uyg‘unlashtirib, ularni doimo ardoqlashga da’vat etgan. Bugun ham shu azaliy silsilaning uzviy davomi sifatida elu xalqimiz o‘zining ustoz-muallimlarga cheksiz hurmat-ehtiromi ifodasi sifatida 1 oktabr sanasini «O‘qituvchi va murabbiylar kuni» umumxalq bayrami sifatida keng nishonlamoqda. Muxtasar qilib aytganda, xalqimizda «Ustoz otangdek ulug‘» degan hikmatli naql bejizga aytilamagan.
Zero, bugungi kunning yoshlari aziz ustozlarimizni ardoqlab, ularning o‘gitlaridan, hayotiy tajribalaridan va har bir hikmatli so‘zlaridan o‘rnak olsak, kelgusida jonajon Vatanimizga munosib yosh kadrlarni yetishtirib chiqarishimizda eng muhim mezon bo‘lib xizmat qiladi.
FARHODJON XOJAYEV,FVV Akademiyasi katta
o‘qituvchisi, mayor
o‘qituvchisi, mayor