TURKISTON QO‘RBOSHILARINING VATANPARVARLIGI VA JASORATI

TURKISTON QO‘RBOSHILARINING VATANPARVARLIGI VA JASORATI

      O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasida 2023-yil 31-oktyabr kuni “Turkiston qo‘rboshilarining vatanparvarligi va jasorati (Ibrohim Laqay, Madaminbek Qo‘rboshi, katta-kichik Ergashlar hayoti misolida)” mavzusida ilmiy-amaliy anjumani o‘tkazildi.
     Anjumanda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Tarix instituti bosh ilmiy xodimi tarix fanlari doktori, professor, Qaxramon Rajabov, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti “Ijtimoiy fanlar kafedrasi” professori, tarix fanlari doktori Dilorom Bobojonova, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Tarix instituti yetakchi ilmiy xodimi tarix fanlari bo‘yicha falsala doktori (PhD) dotsent Feruz Boboev, O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti, IIV Akademiyasi, Davlat bojxona qo‘mitasi Bojxona instituti professor-o‘qituvchilari, harbiy xizmatchilar, kursantlar, Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasining professor-o‘qituvchilari, harbiy xizmatchilar, kursantlar hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi. 
  Anjumandan ko‘zlangan asosiy maqsad – yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ajdodlarimizning ko‘rsatgan jasorati hamda qahramonliklaridan xabardor qilish, tarixiy bilimlarini yanada mustahkamlash bilan birga mamlakatimizga mutaxassislar tayyorlash sifatini yanada oshirishdan iborat.
   Anjumanni Akademiya boshlig‘ining o‘rinbosari, podpolkovnik To‘lqin Rajabov ochib, Milliy ozodlik harakatlarida Ibrohimbek, Shermuhammadbek, Madaminbek, Xolxo‘ja Eshon, Ibrohim Laqay, katta-kichik Ergashlar kabi ko‘plab qo‘rboshilar so‘nggi nafaslari qolgunicha kurash olib borishganligi hamda tarixning soxta talqini avlodlarni yo‘ldan adashtirishi mumkinligi xususida to‘xtalib, o‘tmishda ajdodlarimiz ko‘rsatgan jasoratlari yosh avlodga o‘rnak bo‘lishini alohida ta’kidladi. 
     Anjumanda so‘zga chiqqanlar, “Qo‘rboshilar – Turkiston mustaqilligi va ozodligi uchun kurashchilar”, “Istiqlolchilar harakatining o‘rganilish tarixshunosligi”, “Lashkarboshi Ibrohimbek faoliyati va uning fojiali taqdiri” hamda “Turkiston istiqlolchiligida Madaminbekning o‘rni” mavzularida keng fikr-mulohazalarni bildirdilar. Anjuman doirasida tashkil etilgan sara asarlar to'plamlaridan iborat badiiy va tariximizga oid kitoblar yarmarkasi yoshlar qalbida iliq taassurotlar qoldirdi hamda yoshlarni qiaiqtirgan savollariga ma’ruzachilar tomonidan atroflicha javoblar berildi. Shundan so'ng tashkilotchilar tomonidan tashrif buyurgan mehmonlarga va faol ishtirok etgan kursantlarga tashakkurnoma hamda esdalik sovg‘alari topshirildi. 
    Xulosa o‘rnida ta’kidlash joizki, bugungi kunda Yangi O‘zbekistonda tarixiy xotirani tiklash, tarixiy, asl haqiqatni xalqimizga, ayniqsa o‘sib kelayotgan yosh avlodga yetkazish vatanimizda barpo bo‘ladigan ma’naviy makonning mustahkam asosi bo‘lishi lozim.


Zavqiddin PARDAYEV,
Akademiya katta
 o‘qituvchisi, 
kapitan.