ILMIY – AMALIY ANJUMAN

ILMIY – AMALIY ANJUMAN

        O‘zbekiston Respublikasining 2019-yil 29-oktabrdagi “Ilm-fan va ilmiy faoliyat to‘g‘risida”gi Qonuni, 2019-yil 29-oktabrdagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ilm-fanni 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi PF-6097-son Farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida, mamlakatimizda ilm-fan va ilmiy faoliyat sohasida, shu bilan birga ilm-fan, ta’lim, ishlab chiqarish va amaliyotning uzviy bog‘liqligini ta’minlashning ustuvor yo‘nalishlarida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
    Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining 2023-yil 2-maydagi “2023-yilda o‘tkazilishi rejalashtirilgan xalqarova respublika miqyosidagi ilmiy va ilmiy-texnik tadbirlar ro‘yxatini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 118-son buyrug‘iga asosan, O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasida 2023-yilning 28-sentabr kuni “Favqulodda vaziyatlarni oldini olish va ularni bartaraf etish: muammo va yechimlar” mavzusida respublika ilmiy-amaliy anjumani o‘tkazildi.
     Anjumanda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi G‘.O.Mavlonov nomidagi Seysmologiya instituti, Respublika ilmiy-tadqiqot institutlari, O‘zbekiston Respublikasi FVV Favqulodda vaziyatlar profilaktikasi departamenti, Favqulodda vaziyatlar vazirligi Yong‘in xavfsizligi va favqulodda vaziyatlar muammolari ilmiy-tadqiqot instituti, O‘zbekiston Respublikasi FVV Seysmoprognostik monitoring Respublika markazi, Qurolli Kuchlar akademiyasi, Jamoat xavfsizligi universiteti Ichki ishlar vazirligi akademiyasi, Chirchiq Oliy tank qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurti, Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasi huzuridagi Fuqaro muhofazasi instituti yosh olimlari va boshqa nodavlat tashkilotlar, Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasining professor-o‘qituvchilari, harbiy xizmatchilari, kursantlar va talabalar hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
   Anjumandan ko‘zlangan asosiy maqsad – mamlakatimizda so‘nggi yillarda favqulodda vaziyatlarga olib keluvchi tabiiy, texnogen jarayon va hodisalarni monitoring va prognozlash, ehtimoliy oqibatlarini bartaraf etish borasida olib borilayotgan profilaktik tadbirlar tahlili, mavjud muammolar hamda ularning yechimi to‘g‘risida asoslangan taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
    Anjumanni Akademiya boshlig‘i, general-mayor Ravshan Haydarov ochib, mamlakatimizda izchillik bilan amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar natijasida barqaror iqtisodiy o‘sish, ayniqsa, ilg‘or texnologiyalarga asoslangan holda ijtimoiy soha va iqtisodiyot tarmoqlarini, ilm-fan va innovatsion faoliyatni jadal rivojlantirishni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning mustahkam asoslari yaratilayotgani, shuningdek, favqulodda vaziyatlarni oldini olish va ularni bartaraf etishga qaratilgan dolzarb muammolarni soha mutaxassislari tomonidan zamonaviy inovatsion texnologiyalar asosidagi yechimini topish va ilmiy izlanishlar olib borishga alohida e’tibor qaratilayotgani, bu boradagi muammolar yechimiga qaratilgan bir qator normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilinganligini va ijroga qaratilayotganligini alohida ta’kidladi.
  Shuningdek, davlatimiz rahbarining “Xalqimiz dunyoqarashida innovatsiya muhitini yaratish eng muhim vazifamizdir. Innovatsiya bo‘lmas ekan, hech bir sohada raqobat, rivojlanish bo‘lmaydi. Bu sohadagi o‘zgarishlarni xalqimizga keng targ‘ib qilmasak, odamlarda ko‘nikma paydo qilmasak, bugungi davr shiddati, fan-texnikaning mislsiz yutuqlari bilan hamqadam bo‘lolmaymiz” deya ta’kidlagan so‘zlari e’tirof etildi.
    Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, 2022-yil sodir bo‘lgan tabiiy va texnogen xususiyatdagi favqulodda vaziyatlar 131 tani tashkil etgan. Oqibatda 287 nafar inson halok bo‘lgan, 297 nafari jabrlangan. Shundan, tabiiy xususiyatdagilari 55 tani, halok bo‘lganlar 127 nafarni, jarohat olganlar 88 nafarni tashkil etgan. Texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlarning asosiy qismini yong‘inlar tashkil etgan. Yong‘inlar 10 ming 260 tani tashkil etib, 7 ming 587 tasi (umumiy yong‘inlarning 73,9 %) aholi yashash sektoriga to‘g‘ri keladi. Yong‘in oqibatida halok bo‘lganlar 107 nafar, jarohat olganlar 177 nafarni tashkil etadi. Yong‘inlar kamayib borish tendensiyasiga ega bo‘lsada, moddiy zarar miqdori ortib borayotganligi qayd etib o‘tildi.
  Anjumanda so‘zga chiqqanlar, iqtisodiyot tarmoqlari jadal rivojlanayotganligi, ishlab chiqarish texnologiyalarining murakkablashib borayotgani bois, favqulodda vaziyatlar paydo bo‘lish xavfini yanada oshirayotganiga e’tibor qaratib, turli ijtimoiy va iqtisodiy ob’ektlarda sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlarni oldini olish va sodir bo‘lgan favqulodda vaziyatlarning salbiy oqibatlarini kamaytirish, ularni bartaraf etishdagi muammolarni yechimini topish, xavfsizlikni ta’minlash tizimini yanada takomillashtirish, innovatsion texnologiyalarni qo‘llash samaradorligini oshirishda qo‘l keladigan taklif va tavsiyalarni ishlab chiqishga qaratilgan keng fikr-mulohazalarni bildirdilar.     
   Anjuman doirasida yosh olimlar, tadqiqotchilar va iqtidorli talabalar tomonidan yaratilgan ixtirolar, innovatsion ishlanmalar bo‘yicha ma’ruza bilan chiqishlari va ularning namoyishlari, ishlanmalar ko‘rgazmasi hamda badiiy va maxsus adabiyotlar yarmarkasi anjuman qatnashchilarida katta taassurotlar qoldirdi.
    Anjuman yakunida Akademiya rahbariyati tomonidan vazirlik va idoralardan tashif buyurgan ma’ruzachilarga hamda faol ishtirok etganlarga tashakkurnoma va sertifikatlar hamda esdalik sovg‘alari tantanali topshirildi. Xulosa o‘rnida ta’kidlash joizki, dolzarb mavzudagi mana shunday anjumanlarning yuqori saviyada tashkil etishilishi orqali sohada mavjud muammolarni o‘z vaqtida aniqlash, ilmiy muhokama etish, hal etish yo‘llari bo‘yicha asoslangan taklif va tavsiyalar ishlab chiqish uchun muhim ahamiyat kasb etadi.


Farhodjon XOJAYEV,
Akademiya katta
o‘qituvchisi, mayor.