MASTER-KLASS MASHG‘ULOTI

MASTER-KLASS MASHG‘ULOTI

      O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti bilan FVV Akademiyasi o‘rtasida tuzilgan o‘zaro hamkorlik memorandumi bo‘yicha 2023/2024-o‘quv yili davomida amalga oshiriladigan chora-tadbirlar Qo‘shma rejasiga muvofiq amaliy ishlar davom ettirilib kelinmoqda. Jumladan, 2020-yil 29-oktabrdagi “Ilm-fanni 2030-yilgacha rivojlantirish Konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi PF-6097-son farmonning ijrosini ta’minlash maqsadida, 2024-yil 2-may kuni O‘zDJTU “Ingliz tili amaliy fanlar-3” kafedrasi mudiri filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent S.Atqamova va kafedra katta o‘qituvchisi, dotsent J.Tursunxo‘jayevlar tomonidan Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasining 4-batalyon kursantlariga “Fire brigade of the UK”, “Influence of people to animals” mavzularida hamkorlikda master-klass darsi o‘tkazildi.
   Dars davomida professor-o‘qituvchilar tomonidan ikki tomonlama o‘zaro zamonaviy pedagogik o‘qitish metodikalari, mustaqil ta’limni rivojlantirish va dars jarayonlarini samarali tashkil etish kabi qator yo‘nalishlarda tajribalar almashinildi. Ikki oliy ta’lim tashkilotlarining ko‘p yillik tajribaga ega, malakali professor-o‘qituvchilari tomonidan bunday master klasslarni tashkil etilishida xorijiy tillarni o‘qitishda uchrayotgan ayrim muammolar va ularning yechimlarini topish, o‘zaro hamkorlik va tajriba almashinuvi maqsad qilingan.
   Master klass qiziqarli, savol-javoblarga boy tarzda o‘tdi. Kursantlar ingliz tilida o‘tilgan mavzular yuzasidan bilim va ko‘nikmalarini oshirdilar, muloqot qilishni o‘rgandilar, mahorat darsini o‘tgan o‘qituvchilar tomonidan qo‘llanilgan interfaol usullar va o‘ziga xos yondashuvdagi qiziqarli darsdan ham bahramand bo‘ldilar. Tashkil etib kelinayotgan mahorat darslari favqulodda vazyatlar sohasi yosh kadrlarini kelgusida kasbiy salohiyatini oshirishga, tilga bo‘lgan qiziqishlarini yanada kuchaytirishga hamda vatan himoyachilari sifatida o‘z kasbiga bo‘lgan mehrini ortishi va mustahkamlanishiga xizmat qiladi.

Akademiya axborot xizmati.