QURILISH INSHOOTLARINING YONG‘INGA BARDOSHLILIGINI TAKOMILLASHTIRILMOQDA

QURILISH INSHOOTLARINING YONG‘INGA BARDOSHLILIGINI TAKOMILLASHTIRILMOQDA

      O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasida 2023-yilning 30-avgust kuni “Qurilish inshootlarining yong‘inga bardoshliligini takomillashtirish” mavzusida ilmiy-amaliy anjuman o‘tkazildi.
    Anjumanda O‘zsanoatqurilishmateriallari uyushmasi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi yong‘in xavfsizligi va favqulodda vaziyatlar muammolari ilmiy-tadqiqot instituti, tegishli vazirlik va idoralarning mas’ul xodimlari, oliy ta’lim muassasalari vakillari, FVV Akademiyasi huzuridagi Fuqaro muhofazasi instituti, Favqulodda vaziyatlar vazirligi Matbuot xizmati xodimlari, FVV Akademiyasi professor-o‘qituvchilari, harbiy xizmatchilar, kursantlar hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
    Anjumandan ko‘zlangan asosiy maqsad – qurilish inshootlarining yong‘inga bardoshligini o‘rganish, ularning mustahkamligi, ishonchligi, olovbardoshligini oshirishga yo‘naltirilgan zamonaviy usul va innovatsion texnologiyalarini joriy etish, mamlakatni rivojlantirishning strategik maqsadlariga erishish kabi dolzarb masalalarni o‘rganish, tahlil etish hamda kursantlarga zamonaviy nazariy va amaliy tushunchalar berish, ularning bu sohadagi bilimlarini boyitish, shu bilan birgalikda ushbu sohalarda o‘z yechimini kutayotgan muammolarga javob bera oladigan tavsiyalar, ilmiy ishlanmalarni ishlab chiqish va amaliy ko‘nikmalarni yanada shakllantirishdan iboratdir.
     Anjumanni Akademiya boshlig‘i, general-polkovnik Qobul Berdiyev ochib, mamlakatimizda izchillik bilan amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar natijasida barqaror iqtisodiy o‘sish, ayniqsa, ilg‘or texnologiyalarga asoslangan holda ijtimoiy soha va iqtisodiyot tarmoqlarini, ilm-fan va innovatsion faoliyatni jadal rivojlantirishni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning mustahkam asoslari yaratilayotgani, shuningdek, qurilish inshootlarining yong‘inga bardoshligini takomillashtirishning dolzarb muammolariga davlatimiz tomonidan alohida e’tibor qaratilayotgani, bu boradagi muammolar yechimiga qaratilgan bir qator normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilinganligini va ijroga kiritilganligini alohida ta’kidladi.
      Shuningdek, davlatimiz rahbarining “Xalqimiz dunyoqarashida innovatsiya muhitini yaratish eng muhim vazifamizdir. Innovatsiya bo‘lmas ekan, hech bir sohada raqobat, rivojlanish bo‘lmaydi.
    Bu sohadagi o‘zgarishlarni xalqimizga keng targ‘ib qilmasak, odamlarda ko‘nikma paydo qilmasak, bugungi davr shiddati, fan-texnikaning mislsiz yutuqlari bilan hamqadam bo‘lolmaymiz” deya ta’kidlagan so‘zlari e’tirof etildi.
    Anjumanda so‘zga chiqqanlar, iqtisodiyot tarmoqlari jadal rivojlanayotganligi, ishlab chiqarish texnologiyalarining murakkablashib borayotgani bois, favqulodda vaziyatlar paydo bo‘lish xavfini yanada oshirayotganiga e’tibor qaratib, qurilish inshootlarida sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlarni oldini olish va sodir bo‘lgan favqulodda vaziyatlarning salbiy oqibatlarini kamaytirish, ularni bartaraf etishdagi muammolarni yechimini topish, xavfsizlikni ta’minlash tizimini yanada takomillashtirish, innovatsion texnologiyalarni qo‘llash samaradorligini oshirishda qo‘l keladigan taklif va tavsiyalarni ishlab chiqishga qaratilgan keng fikr-mulohazalarni bildirdilar.
     Anjuman doirasida tashkilotchilar tomonidan tashkil etilgan ilmiy innovatsion ishlanmalar ko‘rgazmasi hamda badiiy va maxsus adabiyotlar yarmarkasi anjuman qatnashchilarida katta taassurotlar qoldirdi.
    — Mamlakatimizda yong‘in va portlash xavfi yuqori bo‘lgan ob’ektlarni uzluksiz monitoring qilish, tizimli kuzatuvini va nazoratini amalga oshirish, favqulodda vaziyatlarga olib kelishi mumkin bo‘lgan xavflar va tahdidlarni barvaqt aniqlash va prognozlash ma’lumotlarini, shuningdek, ularning yuzaga kelganligi va oqibatlari to‘g‘risida doimiy va avtomatlashtirilgan axborot almashinuvini ta’minlashga mo‘ljallangan intellektuallashgan apparat – dasturiy majmua tizimini yaratish masalalariga alohida e’tibor qaratish joiz deydi – podpolkovnik Quvondiq Murtazayev — shuningdek, favqulodda vaziyatlarni oldini olish hamda bartaraf etishda, anjumanda bildirilgan taklif-tavsiyalarni amaliyotga keng tatbiq etish orqali samarali natijaga erishamiz desam mubolag‘a bo‘lmaydi.
    Xulosa o‘rnida ta’kidlash joizki, yurtimizda qad ko‘tarayotgan bir-biridan ko‘rkam ko‘p qavatli bino-inshootlarimizni xalqaro standartlarga mos kelishi va yong‘inga bardoshliligiga alohida e’tibor qaratish lozimligi hamda zamonaviy texnologiyalar asosida mustahkamligini oshirish orqali sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlarni oldini olgan bo‘lamiz.

Farhodjon XOJAYEV,
FVV Akademiyasi
katta o‘qituvchisi,mayor.