SAXOVAT – INSONIYLIKNING ENG OLIY MEZONI

SAXOVAT – INSONIYLIKNING ENG OLIY MEZONI

       Xalqimizga xos xislatlar haqida so‘z ketganda, muruvvat va mehr-oqibat, saxovatpeshalik alohida tilga olinadi. Chindan ham, bu kabi insoniy fazilatlar yurtdoshlarimizning kundalik ishlari, niyatlari bilan uyg‘unlashib ketgan. Binobarin, inson va uning manfaatlari ustuvor sanalgan mamlakatimizda olib borilayotgan oqilona siyosat zamirida ham aholi turmushini yanada farovon etish, ehtiyojmandlarga ko‘maklashish kabi ulug‘vor maqsadlar mujassam.
 Inson qadri ulug‘lanayotgan yangi O‘zbekistonda yolg‘iz qariyalar, pensioner, nogironlar hamda mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, ular holidan xabar olish, g‘amxo‘rlik ko‘rsatish uchun barcha zarur shart-sharoit yaratilayotir. Ijtimoiy sohaga jamoatchilik e’tiborini kuchaytirish, manzilli ijtimoiy himoyani kafolatlash davlat siyosatining asosiy ustuvor yo‘nalishlaridan biridir.
   Bu borada, Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasida ham ijtimoiy himoyaga muhtoj, nogironligi bo‘lgan shaxslarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, aholining ijtimoiy himoyatalab qatlamiga manzilli yordam ko‘rsatish, bu sohada bajarilayotgan ishlar samaradorligini ta’minlash masalasiga jiddiy e’tibor qaratilgan.
    Jumladan, Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasining bir guruh harbiy xizmatchilaridan tarkib topgan navbatdagi saxovat karvoni 2023-yilning 4-noyabr kuni Favqulodda vaziyatlar vazirligi axborot xizmati hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari bilan birgalikda Toshkent shahar Yashnobod tumanida joylashgan 30-sonli mehribonlik uyiga tashrif buyurdilar. Tashrif doirasida mazkur mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari uchun turli sport o‘yinlari, davra suhbatlari, Akademiya Orkestri, harbiy xizmatchilari va kursantlari ijrosidagi Vatanni madh etuvchi kuy-qo‘shiqlar, shu bilan birga bir-biridan qiziqarli ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, badiiy kitoblar to‘plamlari, esdalik sovg‘alari hamda ular uchun bayramona dasturxon ko‘rki bo‘lgan o‘zbegim oshlari yuqori saviyada tashkil etildi.
   Tashkil etilgan tadbirlarni tarbiyalanuvchilar katta qiziqish bilan qabul qilganliklari va ularning o‘zlari ham ushbu tadbirlarda faol ishtirok etganliklari, barcha ishtirokchilarda birdek iliq taassurotlar qoldirdi. Shuningdek, jajji bolajonlarga ko‘tarinki kayfiyat ulasha olgan kuy-navolar, ularning qalblarida o‘chmas iz qoldirdi. Tadbir yakunida mazkur muassasa rahbariyati va tarbiyachilari tomonidan ezgulik ulashib kelayotgan Akademiya rahbariyatiga va harbiy xizmatchilariga samimiy minnatdorchilik bildirdilar.
    Xulosa o‘rnida ta’kidlash joizki, saxovatpesha bo‘lish eng oliy fazilatdir. Kimgadir muruvvat ko‘rsatish, shu yo‘l bilan savob olish insoniylikning bosh mezonlaridandir.
   ─ Odatda saxiylikni ko‘proq badavlat odamlardan kutamiz. Aslida, har birimizning qurbimiz yetganicha, imkoniyat darajasida saxovat ko‘rsatishimiz - bizning insoniy burchimizdir deydi ─ 30-sonli mehribonlik uyi direktori – Feruza Usmonxo‘jayeva ─ xayru saxovat insonlar o‘rtasida mehr-muhabbat va oqibat rishtalarini bog‘lashga, o‘zaro hurmat va totuvlik aloqalarini mustahkamlashga xizmat qiladi desam mubolag‘a bo‘lmaydi.


Farhodjon XOJAYEV,
Akademiya katta
o‘qituvchisi, mayor.